insurez
13-06-2025 11:10

Korrupsiya va uning jamiyatga salbiy ta'siri


Fuqarolik ishlari bo'yicha Nurobod tuman sudining raisi S.Kuliyev Nurobod tuman 18-umumta'lim maktabining 10-11 sinf o'quvchilari bilan "Korrupsiya va uning jamiyatga salbiy ta'siri" mavzusida dars mashg'uloti o'tkazdi.

Korrupsiya – siyosat va davlat boshqaruvi sohasidagi ijtimoiy xavfli hodisa bo‘lib, davlat funksiyalarini bajarish vakolatiga ega bo‘lgan yoki ularga tenglashtirilgan shaxslarning noqonuniy tarzda moddiy va boshqa boyliklar, imtiyozlarni olishda o‘z maqomi va u bilan bog‘liq imkoniyatlardan foydalanishi, shuningdek, bu boylik va imtiyozlarni jismoniy yoki yuridik shaxslar qonunga xilof ravishda egallashiga imkon berishida ifodalanadi.


Korrupsiyaga qarshi yer yuzidagi barcha davlatlarda qattiq kurash olib borilmoqda. Hatto BMT ham bu illatni eng global muammolardan biri sifatida e’tirof etib, unga qarshi kurashish masalalariga jiddiy e’tibor qaratmoqda.


Mamlakatimizda muntazam ravishda mazkur illatning sabablarini aniqlash va bartaraf etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.


Bu borada, O‘zbekiston Respublikasininng 2017-yil 3-yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan. Qonundan ko‘zlangan asosiy maqsad, korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunga ko‘ra, davlat organi xodimi biror-bir shaxs tomonidan uni korrupsion huquqbuzarlikni sodir etishga da’vat qilish holati, shuningdek, boshqa ishchilar tomonidan shu kabi holatlarning amalga oshirilishi bo‘yicha unga oshkor bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z rahbari yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishi lozimligi belgilab qo‘yilgan. Mazkur majburiyatlarning bajarilmasligi qonunchilikka muvofiq tegishli ravishda jazoga tortilishi ham belgilangan.


Yuqoridagilardan tashqari qonunda korrupsion jinoyat to‘g‘risida oshkor qilgan shaxs davlat himoyasi ostiga olinishi, biroq, ushbu qoida yolg‘on ma’lumotlarni taqdim etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmasligi ham qayd etilgan.


Har qanday jinoyatchilik, shu jumladan, korrupsiya ham jamiyat rivojiga to‘sqinlik qiladi. Chunki ular fuqarolarda davlatga, qonunlarga ishonchsizlik, ularni hurmat qilmaslik ruhini paydo qiladi. Korrupsiya nihoyatda keng qamrovli hodisa bo‘lib, uni umumijtimoiy, siyosiy-iqtisodiy, kriminologik va huquqiy ma’noda tushunish mumkin.


Korrupsiyaning eng xavfli tomoni shundaki, davlat xizmatchisi hisoblanuvchi mansabdor shaxs ma’lum haq, ya’ni pora evaziga ikkinchi tomon – pora beruvchining qonunga zid bo‘lgan talabini bajaradi yoki uning g‘ayriqonuniy qilmishlariga ko‘z yumadi, bu esa davlat va jamiyat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazadi.


Pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish, davlat xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish, davlat xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishdan tashqari mansabini suiiste’mol qilish, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaslik, mansab soxtakorligi kabi boshqa holatlarni ham korrupsion jinoyatlar qatoriga qo‘shish mumkin.


Korrupsiyaga qarshi kurashning dolzarbligi shundaki, ijtimoiy jihatdan ushbu salbiy hodisaning vujudga kelish sabablari, huquqiy va kriminologik jihatlarini o‘rganish bu illatga qarshi kurash samaradorligini oshirish imkonini beradi.

 


Korrupsiyalashgan davlat xizmatchilari ishtirokida juda ko‘p miqdordagi byudjet mablag‘laridan maqsadga nomuvofiq ravishda foydalaniladi.

 


Xulosa o‘rnida, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lida hamjihat bo‘lib, Vatan ravnaqi uchun, aholining yaxshi yashashi uchun, odamlarning kelajakka ishonchi ortishi uchun jamiyat rivojiga xavf soluvchi korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish o‘z qo‘limizda!

Teglar
- -