insurez
11-11-2025 10:34

Kasaba uyushmalari – 120 yil xalq bilan


Bugun kasaba uyushmalari tashkil topganiga 120 yil to‘ldi. Bu sanani butun dunyoda, jumladan, yurtimizda ham keng nishonlanmoqda. Chunki kasaba uyushmalari — bu mehnatkash inson manfaatlarini himoya qiluvchi, ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qiluvchi kuchli jamoat institutidir.

2017-yilda yurtimizda boshlangan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar kasaba uyushmalari tizimi faoliyatida ham o‘z ifodasini topdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tgan yillar davomida ushbu tizimning samaradorligini oshirish, uning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi.

Xususan, 2020-yil 20-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan, har yili 11-noyabr kuni “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” sifatida nishonlanadi. Ushbu sana 2021-yildan boshlab mamlakatimiz mehnatkashlari orasida bayramona ruhda o‘tib, mehnat ahli birdamligini, ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvi ham bu tizimning mamlakat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi. Uchrashuvda davlat rahbari kasaba uyushmalari harakati tashkil topganiga 120 yil to‘lganini e’tirof etar ekan, bu yillar davomida uyushmalar tomonidan mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida katta ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.

So‘nggi yillarda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish borasida qabul qilingan Yangi tahrirdagi Konstitutsiya, Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi to‘g‘risida” va “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlar bu yo‘nalishda muhim qadam bo‘ldi. Ayniqsa, O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berilgani, xalqaro miqyosda e’tirof etilib, mamlakatimizni Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini faol qo‘llayotgan davlatlar safidan mustahkam o‘rin olishiga sabab bo‘ldi.

Bugun O‘zbekiston kasaba uyushmalari tizimi xalq bilan, xalq uchun xizmat qilmoqda. Ular mehnatkashlarning huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy himoya va sog‘lomlashtirish dasturlarini amalga oshirish, yoshlar va ayollar manfaatlarini ko‘zlab, adolatli mehnat muhitini yaratish yo‘lida faoliyat yuritmoqda.

Bu yil “Kasaba uyushmalari – 120 yil xalq bilan” shiori ostida o‘tayotgan tadbirlar kasaba uyushmalarining yurtimiz ijtimoiy hayotidagi o‘rni, xalq bilan bo‘lgan mustahkam aloqasini yana bir bor namoyon etmoqda.

Kasaba uyushmalari harakati kechagi kunlarda qanday xalq bilan bo‘lgan bo‘lsa, bugun ham, ertangi kunda ham o‘zining bosh maqsadiga sodiq qoladi:
inson mehnati – qadriyat, mehnatkash esa jamiyatning eng ulug‘ boyligidir.

Teglar
- -