insurez
31-01-2026 16:42

Jamoat tartibi va xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda


Jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda aholi osoyishtaligini mustahkamlash maqsadida Nurobod tumanida manzilli va tizimli profilaktik tadbirlar bosqichma-bosqich kuchaytirilmoqda. Bugun tumanning Qilichli mahallasida keng qamrovli profilaktik tadbirlar tashkil etildi.

Tadbirlar avvalida xizmatga jalb etilgan kuch va vositalar ishtirokida xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi. Unda Nurobod tumani IIB boshlig‘i S.Sharipov, Ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamda Milliy gvardiya vakillari qatnashdi. Yo‘riqnoma jarayonida xodimlarga jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, murojaatlarga tezkor munosabat bildirish hamda profilaktik ishlarni aniq reja asosida samarali tashkil etish yuzasidan zarur topshiriqlar berildi.

Profilaktik tadbirlar davomida hududlarda huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish hamda xavfsiz muhitini ta’minlashga qaratilgan amaliy choralar ko‘rildi. Jumladan, Qilichli mahallasi hududida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, jamoat joylarida tartib-intizomni mustahkamlash bo‘yicha reyd va nazorat ishlari olib borildi.

Shuningdek, mahalla aholisi bilan bevosita muloqotlar o‘tkazilib, huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari, ularning salbiy oqibatlari hamda qonunchilikdagi javobgarlik masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Ayniqsa, yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida profilaktik suhbatlar tashkil etilib, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tungi va kunduzgi patrullik, manzilli nazorat, ogohlantirish va targ‘ibot ishlari izchil davom ettirilmoqda. Bu kabi profilaktik tadbirlar tumanda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashish hamda aholining huquq-tartibot organlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
 

Teglar
- -