Hududda ta'lim sifatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o'tkazildi
Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi mudiri Latif Karimov, OAV vakillari va soha mutasaddilari ishtirokida "Hududda ta'lim sifatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar" mavzusida matbuot anjumani bo'lib o'tdi.
L.Karimovning so'zlariga ko'ra:
Tuman Maktabgacha va maktab ta'limi boʻlimi tasarrufida 78 ta umumiy oʻrta ta'lim maktablari, 150 ta (28 ta Davlat MTTlari, 115 ta nodavlat MTTlari, 7 ta davlat xususiy sherikchilik asosidagi MTTlar) maktabgacha ta'lim tashkilotlari hamda 1 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat yuritib kelmoqda.
2025-2026-oʻquv yilda boʻlimga qarashli 28 ta davlat MTTlarida jami 531 nafar pedagoglar faoliyat olib borishmoqda. Shundan, 28 nafari direktorlar, 17 nafari direktor oʻrinbosarlari, 28 nafari musiqa rahbarlari, 36 nafari jismoniy tarbiya yoʻriqchilari, 32 nafari chet tili oʻqituvchilari va 7 nafari psixologlar va 383 nafar tarbiyachilarni tashkil etadi. 2024-yilda ushbu koʻrsakich 512 nafarni tashkil etgan.
Bugungi kunda MTT tashkilotlarining reyting koʻrsatkichlarini aniqlash maqsadida 7 ta yoʻnalishlar boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazilib, “Eng yuqori koʻrsatkichli” hamda “Eng past koʻrsatkichli” tashkilotlar aniqlab borilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Nurobod tumanining olis va chekka hududlarida joylashgan 26 ta maktablarda ta'lim sifatini yaxshilash maqsadida boshqa viloyatlardan hamda Samarqand viloyatidagi ayrim tuman, shaharlardan 2024-yilda 270 nafar tajribali pedagoglar ishga qabul qilingan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2025-yilda 115 nafarga oshirildi.
Umumiy oʻrta ta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan pedaglarga uzluksiz metodik xizmat koʻrsatish, ularning koʻnikma va malakalarini oshirish maqsadida 2024-2025-oʻquv yilida aniq va tabiiy fanlar (matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya fanlari) yoʻnalishida 4 ta tayanch maktablarda (2-, 16-, 56-, 61-maktab) 156 nafar oliy va birinchi toifali oʻqituvchilarga metodik yordam beruvchi “Kasbiy rivojlantirish kuni” va 448 nafar ushbu yoʻnalishlardagi fan oʻqituvchilariga 78 ta maktablarda “Kasbiy rivojlantirish soati” boʻyicha 9 oylik metodik oʻquv-mashgʻulotlari tashkil etildi.
Shuningdek, 2025-yil yanvar oyidan boshlab, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari hamda ingliz tili fani oʻqituvchilari uchun ham “Kasbiy rivojlantirish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi. Ushbu mashgʻulotlariga 1051 nafar boshlangʻich sinf oʻqituvchilari va chet tili fani oʻqituvchilari jalb etilgan.
Matbuot anjumani yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan yo'llangan savollarga L.Karimov tomonidan batafsil javoblar berildi.