Hokimlik xodimlari uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko'rik tashkil etildi
Shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi kunda xizmat vazifamizga, ish jarayoniga shu darajada kirishib ketamizki, salomatligimizda kuzatilayotgan muammo va o'zgarishlarni payqashimizga qaramasdan, befarqlik ortidan kichik xastalikning ham jiddiy va xavfli tus olishiga beixtiyor o'zimiz imkon yaratamiz.
Bugun Nurobod tumani tibbiyot birlashmasida ana shunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida tuman hokimligi xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Xodimlar tuman tibbiyot birlashmasining malakali shifokorlari tomonidan tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha batafsil tekshiruvdan o'tkazildi.
Jumladan, zamonaviy UZI va EKG tekshiruvlari, laboratoriya tahlillari o'tkazilib, tibbiy tahlillar asosida kerakli muolaja turlari, parhez hamda boshqa qator masalalar yuzasidan zarur tibbiy maslahat va tavsiyalar berildi.