insurez
17-09-2024 11:31

“Gʻalladan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin ekish va parvarishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi


Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari D.Qorayev ishtirokida “Gʻalladan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin ekish va parvarishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.
 

D.Qorayevning ta’kidlashicha:


"Bugungi kunda tumanimizda ertaki ekinlardan va g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni ekish ishlari olib borilmoqda. Mamlakatimizda ushbu-chora tadbirlar asosan iyun-iyul oylarida amalga oshiriladi. Takroriy ekinlar ekishning afzalligi mavjud yer resurslaridan samarali foydalanib, yil davomida xalqimiz dasturxonlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berishdan iborat.


Tumanimizda g‘alla o‘rim-yig‘imidan keyingi maydonlardan unumli foydalanish hamda ehtiyojmand oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida hosili yig‘ib olingan yerlar foydalanish uchun aholiga ajratib berilmoqda. Xususan, 2024-yilda, tuman bo‘yicha 2010 gektar maydondagi g‘alla o‘rib olinib, somondan tozalandi. 


Ushbu maydonlarning 1895 gektariga takroriy ekinlar joylashtirildi. Xususan 731 gektar dukkakli don ekinlari, 1164 gektar ozuqa ekinlari ekildi.


Hosili yig‘ib olingan yerlar asosan, 3 toifa xo‘jaliklariga ajratib berilmoqda. Jami 1895 gektar takroriy ekin ekiladigan maydonlarning 690 gektari fermer xo‘jaligi a’zolariga (344 nafar), 206 gektari ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga (490 nafar) va 999 gektari esa klaster va fermer xo‘jaliklarining o‘z ehtiyojlari uchun ekin ekilishiga mo‘ljallangan.


Ayni paytda yoz fasli bo‘lganligi bois, tumanimizda takroriy ekinlarni ekish havo haroratining maksimal darajada oshgan kezlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa, urug‘larning unib chiqishi uchun tegishli namlik zahirasini to‘plash zaruriyatini tug‘diradi.
Shuning uchun takroriy ekin sifatida dukkakli don, moyli va yem-xashak ekinlari urug‘larini ekish talab qilinadi. Bunda urug‘larni elaklarda elab, tozalab, bir xilligini taʼminlagan holda ekish ularni bir tekisda, sifatli unib chiqishini kafolatlaydi.


Gʻalla o‘rimidan keyin yer maydonlariga takroriy ekin ekish tuproqdagi ozuqa moddalar miqdorining o‘simliklar tomonidan qaytarilishiga va uning unumdorligini saqlanishiga, ekilayotgan va undan keyin ekiladigan ekinlarning hosildorligini oshishiga zamin yaratadi".

Teglar
- -