insurez
29-09-2025 15:48

FIDOYI O‘QITUVCHI ERTAMIZNING BUGUNGIDAN YAXSHIROQ  BO‘LISHINI KAFOLATLAYDI


FIDOYI O‘QITUVCHI ERTAMIZNING BUGUNGIDAN YAXSHIROQ  BO‘LISHINI KAFOLATLAYDI

 

Joriy yilning 9-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ta’lim yo‘nalishiga bag‘ishlab  o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishida hamda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda yurtboshimizning nutqi tabiiyki jamiyatimizda ilm-fan, ma’rifat hamda ta’lim sohasiga bo‘lgan e’tibor va ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi.

So‘nggi sakkiz yil ichida mamlakatimizda  ta’lim va ilm-fan sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar 6 barobar oshganiligi hamda sal kam besh yuzta maktabning qurib foydalanishga topshirilganligi o‘qituvchi va o‘quvchilarga qaratilgan keng qamrovli e’tibordan cheksiz hurmat- izzatdan dalolat beradi.  

Ayniqsa, mamlakatimizda kasbiy ta’lim agentligini tashkil etish bilan bog‘liq tashabbus, sohaga  eng ilg‘or ta’lim dasturlarining joriy etilishi  yoshlarimizning xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlaridan qolishmaydigan texnikumlarda turizm, tibbiyot, qurilish, logistika, iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda mustahkam bilim olib, o‘zlariga yoqadigan kasblarni egallashlariga katta imkoniyatlar eshiklarin ochadi.

Pedagoglarimiz uchun ipoteka kreditlarining boshlang‘ich badalini qoplash, farzandlarining kontrakt to‘loviga chegirmalar berish, kompyuter xaridi uchun imtiyozli kredit ajratish, davlat xizmatlari to‘lovlarini ikki barobar kamaytirish kabi choralar  ustoz va murabbiylarning mustahkam ijtimoiy himoyasidan darak beradi. Bunday imkoniyatlar  kelajakda mamlakatmiz iqtisodiyotining ko‘tarilishiga, har tomonlama taraqqiyo xizmat qiladi.   

Muallimlik juda qiyin kasb sanaladi. Ko‘chada tuzuk yurishni, maktab partasida durust o‘tirishni, qalam-ruchka tutishni, daftar va kitoblarni ozoda saqlashni eplolmaydigan jajji bolakaydan 11 yil ichida tuppa-tuzuk insonni shakllantirish o‘ta mushkul va mas’uliyatli burch. O‘z o‘rnida buning mas’uliyati ham ancha zalvorli. Yaqin o‘tmishning atoqli namoyondasi Abdurauf Fitrat “Hayotimizdagi eng qiyin hamda og‘ir  masala  bola tarbiyasidir”, deb bejiz aytmagan. Allomaning fikriga qo‘shiladigan bo‘lsak yaxshi o‘qituvchi kelajagamizni kafolatlashini qiyinchiliksiz anglay olamiz. Darvoqe, maktabda a’lo baholarga o‘qigan, ustozlarining og‘zidan chiqqanini ilib olgan bola tabiiyki iqtidoriga qarab muallimi  asos solgan kelajakni boshqaradi.

Barchamizga ma’lumki,  kasbini hurmat qilgan ustoz-muallimlar kunduzi maktabda jonini jabborga berib, kechasi uyida uyqudan qolib ishlaydilar. Ular o‘quvchilarining birorta savoliga javob topolmay  uyatli bo‘lishdan xavotirlanib yashashadi. Ba’zan o‘ziga, oilasiga, yaqinlariga vaqt ajrata olmaydi. Avval-boshda o‘qituvchi deganimizning asosiy vazifasi bolani zeyriktirib qo‘ymaslikdan iboratdir. Ma’lumki bolaning ko‘ngli guldan ham nozikdir.  Ular maktabdan zeyrikdimi, tamom. Turli bahonalar axtarib darslardan qochishning, muallimining ko‘zidan panaroqda bo‘lishning payiga tushib oladilar. Aynan shu pallada ularni yana darslarga qaytarishning, qiziqishlarini tobora orttirishning o‘zi bo‘lmaydi. Shuning uchun bugun o‘qituvchilarni qancha qo‘llab-quvvatlasak, ularga namunali shart-sharoitlar yaratib bersak,  e’zozlasak ham kamlik qiladi.  

Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Axborot manbalari ko‘payib, turfafikrlilik kuchaydi. Aldanib qolish va osongina aldab qo‘yish me’zonlari kengaydi.  Yosh avlod maktab pedagogik jamoasi oldiga shunday talab va istaklarni ko‘ndalang qo‘yadiki yechimini izlab boshingiz qotadi. Buning natijasi ularoq o‘qituvchilarning bilmsizligi,  maktab jamoasining muammolari, ota-onalar bilan doimiy aloqa o‘rnatilmaganligi bir zumda sezilib qolishi ehtimollari juda katta. Aksiga olib bizni o‘rab turgan tabiat qonunlari ham tobora o‘zgarib bormoqda.  Shunga o‘xshash  tahlikalar  zamonda davr bilan hamqadam bo‘laman, deya odamzod esidan og‘ishi hech gap emas. Hayotdan orqada qolishni  esa kechirib bo‘lmaydi. Zamondan, zamondoshlaridan  yiroqlashish o‘qituvchining zuvalasini buzadi.  Maqsadimiz ta’lim tizimida  yaxshi natijaga erishish ekan, avvalo o‘qituvchilarni bilmli, zukko va tadbirli qilish zarur. Bilim berish deganimiz muallimning salohiyatini, tajribasini, odob-axloqini, yurish-turish madaniyatini ham o‘z ichiga oladi albatta.  Bugungi o‘qituvchi har bir sohada chaksiz va bepayon bo‘lishi shart. Biz istagan o‘qituvchilar safi kengaysa, maktablarimizda kelajagimiz uchun foydali muhit yuzaga keladi.

Maktablarda ilm-u qudratga boy  manba shakllangandan so‘ng tabiiyki, ota-onalar shuurida ham  ijobiy o‘zgarishlar yuz beradi. Shuncha yutuq va yangilanishlardan  keyin muallimlarning qadr-qimmati ortib borishi shubhasiz. Ammo bu borada masalaning ikkinchi tomoni ham borki undan juda ehtiyot bo‘lish lozim. Bir maktabda ishlaydigan o‘nta o‘qituvchining yutuqlarini ba’zan, xuddi shu maktabdagi birgina o‘qituvchining xatosi yoki nojuya qilmishi chippaka chiqarib yuborishi bor gap. Bunday ko‘rgulikka duch kelmasligi uchun har bir o‘qituvchi o‘z atrofini mustahkam himoyalab qo‘yishi ayni muddaodir.

Shunisi ayonki oylik moashning keskin ko‘paytirilishi o‘qituvchilarni saralab olish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga ularning  ko‘ngillarini xotirjam bo‘lishiga, ishiga mas’liyat bilan yondoshishiga olib keladi.  Aksincha bo‘lsa,  o‘qituvchilarning  tashvishi, muammolari tobora ortib boraveradi. Buni tushunish qiyin emas.

Dilida tuguni, dard-tashvishi bor inson sira o‘ziga o‘xshamaydi. Bu holat o‘qituvchining fe’liga juda tez va og‘ir zarbalar berishi, ularni o‘z kasbidan sovutishi  muqarrardir. Muallim o‘z kasbidan sovisa ta’lim-tarbiya butunlay orqaga ketadi. Savodsizlik boshlanadi. Odamlar chalasavod farzandlarini o‘qitish uchun oliy o‘quv yurtlari eshigiga pul ko‘rtarib borishni boshlashadi. Bir gap bilan aytadigan bo‘lsak, o‘qituvchining oylik ish haqi ro‘zg‘or tebratishga yetmasa har qanday jamiyat va davlatda korrupsion haraktlar, holatlar kuchayadi.  Prezidentimiz yuqorida ta’kidlangan tadbirlarda o‘qituvchining oylik moashlarini jahon standartlariga tenglashtirish lozimligini bejiz ta’kidlamadi. Bunday taklif va tashabbusda ustozlar mehnatining yuksak qadr-qimmati hamda tizimda ta’magirlikning oldini olishga qaratilgan mezonlar mujassam. 

Ayni pallada ba’zi maktablarimizda shunday muhit hukumronki, bola o‘qituvchidan cho‘chiydi. Nima uchun? Chunki bizda bolaning bilimini baholash me’zoni bor. Buni o‘zgartirish, zamonga moslash kerak. Ikki baho olgan bola baribir do‘stlari oldida qisinadi. Ba’zan, qalbi beozor bolaning darslarni o‘zlashtirolmayotganligini bilgan ayrim o‘qituvchilar uni keragidan ortiq darajada kamsitib yuborishadi. Muallimning dakkisidan, a’lo baholarga o‘qiydigan sinfdoshlarining jizzaki hamda izzaki munosabatlaridan “ikkichi” o‘quvchi uyaladi. Uyat asta-sekinlik bilan qo‘rquvga aylanadi. Qo‘rqqan bola maktabga borishni istamaydi. O‘qituvchisi oldida  bilganlarini  aytib berolmaydi. Darsga tayyor bo‘lsa-da, yana o‘qituvchisidan dakki eshitishi mumkinligidan qo‘rqib qoladi. Ichidagini hech kimga aytolmay qiynaladi.

Xo‘sh, maktab va bola o‘rtasidagi  bunday nomutanosib muhitdan qanday qutulish mumkin? Buning uchun har bir  sinfda tajribali psixologlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozim. O‘qituvchilar ham, ota-onalar ham  psixologlar oldida hisobdar bo‘lishi shart. O‘qituvchining ishiga baho berish yoki  uni rag‘batlantirishdan avval bevosita maktab psixologining fikr-mulohazalariga ham suyanilsa foydadan holi bo‘lmaydi. O‘z o‘rnida psixologlar maktab ma’muriyati va ota-onalarga  o‘z vazifalari, rejalari  haqida axborot berib tursa maktab hayoti  tobora yaxshilanib boraveradi. Shuningdek, o‘qituvchining darsdan tashqari paytlarda ham o‘quvchilar atrofida ko‘proq bo‘lishi, ular bilan hayotiy mavzularda tez-tez muloqot qilib turishi  bola  o‘zligidagi tortinish, cho‘chish alomatlarini yo‘qotadi. O‘quvchi balan o‘qituvchining ruhan  yaqinlashuvi o‘rtadagi har qanday salbiy munosabatlarga chek qo‘yadi.  Bunday ustozlarni tarbiyalash,  ko‘paytirish ayni zamondagi ta’lim jarayonining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi lozim. Ushbu yo‘nalish o‘z o‘rnida pedagoglar tayyorlaydigan oliy ta’lim tizimida ham  katta o‘zgarishlar qilinishini talab etadi.

Yuqori sinf o‘quvchilarining kuniga olti-yetti soatlab o‘qishini biz zamon, davr hamda ta’lim standartlarining talabi deymiz. Aslida darslarning ko‘pligi o‘quvchilarni sinfga kirishdan bezdirib qo‘yishning ham oldini olishimiz shart.  Buning chorasi sifatida  men ba’zi bir darslarni, hattoki, matematika, kimyo, fizika darslarini ham gohida tashqarida – ochiq havoda o‘tishni qo‘llab ko‘rish lozimligini taklif sifatida kiritaman. O‘ylaymanki, buning foydasi katta bo‘ladi va yaxshi natijalarga olib kelishi tayin. Har bitta yangilikda lazzat bor deganlaridek, bolalar hamisha yangilikka intiluvchan bo‘lishadi.

Sir emas, bugun o‘qituvchilarning yarmidan ko‘pi uy-ro‘zg‘or tashvishlariga ham o‘ralashib qolishgan. Ayniqsa, ayollarimiz, opa-singillarimiz.  Tabiiyki, oila tashvishlariga duch kelgan ustoz o‘zganing bolasiga bilim berishdan ko‘ra ko‘proq o‘zining muammolarini hal qilishni o‘ylaydi. Toki muallim va muallimalarning fikr-xayoli faqat maktab va dars jarayoni bilan bog‘lanmas ekan, ta’lim tizimining kemtiklarini aslo to‘ldirib bo‘lmaydi. Ta’lim dargohidagi darslardan qoniqmagan ota-onalar

farzandlarini narxi falon millionli repititorlarga topshirishga majbur bo‘lishadi. Buning ustiga maktabda to‘liq ta’lim olgan o‘quvchilardan  to‘rttaginasi, repititorga  qatnaganlardan besh-oltitasi oliy o‘quv yurtlariga kirsa bas, maktabning, o‘qituvchilarning reytengi repititornikidan ikki-uch barobar pasayib ketadi.

Gapning sarasini aytadigan bo‘lsak, bugun ta’lim jarayonida o‘zgartirilishi, yangilanishi lozim bo‘lgan masalalar ham yo‘q emas. Bu muammolarni bartarf etish  masalasi faqat vazirlikka yoki vazirga bog‘liq emas.  Buni butun bir millat birikib hal etsagina dildagi ezgu-maqsadlarga tezroq erishamiz. Shuningdek,  men  arzimagan sabablar bilan maktablarga iddao qilib keladigan, o‘qituvchilarning hurmat-izzatini to‘kib, haqorat qiladigan ota-onalardan ham og‘ir-bosiq bo‘lishlarini, maktab eshiklarini qattiq yopmasliklarini, yetti o‘lchab bir marta kesishlarini  so‘rayman.  Shuni unutmanki qituvchilar hech qachon farzandingizning yomon inson bo‘lib tanilishini istamaydilar. Maktab ta’limi hamda muallimlar, muallimalar hayotiga shaxsan davlatimiz rahbari tomondan e’tibor berilayaptimi, bilingki, sohada jiddiy o‘zgarishlar qilish bilan bog‘liq haraktlar allaqachon boshlab yuborilgan. Alqissa, Prezidentimizning taklif hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, uning ijrosini ta’minlashga munosib hissa qo‘shish har birimizning muqaddas burchimiz bo‘lmog‘i lozim

 

                              Gulshan Mirzayeva,

                 O‘zbekiston Xalq Demokratik Partiyasi a’zosi,

                 Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashi deputati

Teglar
- -