Daraxtga shikast yetkazganlarga katta miqdorda jarima solinadi
Ayni kunlarda butun mamlakatimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida darax va buta ko‘chatlarini ekish, bog‘ yaratish ishlari davom etmoqda.
Nurobod tumanidanidan o‘tuvchi A-378 xalqaro avtomobil yo‘li, 4R-52 va 4R-53 avtomobil yo‘li yon tomonlarini yashil maskanlarga aylantirish uchun ko‘chat ekish ishlari olib borilmoqda.
Ammo daraxt ekilgan yer maydonlariga yaqin joyda yashovchi fuqarolarning chorva mollari ekilgan daraxtlarga shikast yetkazayotganligi ko‘ngilni xira qilishi tayin.
Tumanimiz fuqarolari daraxtlarga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik mavjudligini biladimi?
O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasiga ko‘ra, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollar qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlar quyidagicha jarimaga tortiladi:
fuqarolar BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha — 8,5 mln so‘mdan 17 mln so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha),
mansabdor shaxslar esa BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya’ni 17 mln so‘mdan 25,5 mln so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha).
Shu bilan birga, xuddi shunday huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilsa, ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etish quroli bo‘lgan ashyo yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosi musodara qilinadi, shuningdek:
fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya’ni 17 mln so‘mdan 25,5 mln so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 75 baravaridan 100 baravarigacha, ya’ni 25,5 mln so‘mdan 34 mln so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Daraxtlarga shikast yetkazish nafaqat ekologik muammolarni keltirib chiqaradi, balki insoniyatning kelajagiga ham jiddiy tahdid soladi. Har birimiz tabiatni asrashga mas’ul ekanimizni anglab yetishimiz va unga g‘amxo‘rlik qilishimiz lozim.
"Bugun bir daraxt ekish – kelajak avlodga toza nafas hadya etish demakdir!"