insurez
03-02-2025 16:14

Budjet mablag`laridan foydalanish samaradorligini oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan brifing bo'lib o'tdi


Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kamabag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i R.Ibragimov ishtirokida "Budjet mablag`laridan foydalanish samaradorligini oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar" mavzusida brifing o'tkazildi.

R.Ibragimovning so'zlariga ko'ra:

"So‘nggi yillarda aholining turmush sifatini tubdan yaxshilashga qaratilgan bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlar bilan olib borilmoqda. Biznes yuritishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda va institutsiyaviy mexanizmlari takomillashtirilmoqda, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, budjet mablag'larini talon-toroj qilish va ulardan maqsadsiz foydalanish holatlari kuzatilmoqda, bu esa olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bozor munosabatlarining bugungi rivoji hamda insofli tadbirkorlik subyektlarini himoya qilish zarurati, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish, “xufyona iqtisodiyot”ning shakllanish mexanizmlarini, chet el valyutasining nazoratsiz chiqib ketish kanallarini o‘z vatida aniqlashning shakl va usullarini tubdan qayta ko‘rib chiqishni, shuningdek, importni optimallashtirish va milliy tovarlar eksportini rag‘batlantirish bo‘yicha tizimli ishlarni kuchaytirishni ham talab etmoqda.

Budjet tizimi budjetlari mablag‘larini talon-toroj qilish va ulardan maqsadsiz foydalanish, davlat xaridlarida narxlarni oshirib yuborish, davlat organlari va tashkilotlarida debitor hamda kreditor qarzdorlikning asossiz ortishi holatlarini aniqlash, yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Qurilish va ijtimoiy sohalarda iqtisodiy jinoyatlar hamda korrupsiyaga qarshi kurashish, ularning oqibatlarini, shuningdek, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, Davlat manfaatlariga zid ravishda bitimlar tuzish holatlariga qarshi kurashish, ularni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘risidagi qonun hujjatlarining samarali ijro etilishini ta’minlash zarur.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyuldagi “Davlat xaridlari shaffofligini ta’minlash va samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5171-sonli qarori tasdiqlandi, qarorga asosan Korporativ va budjet buyurtmachilarida davlat xaridi tizimini yanada takomillashtirish hamda korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, shuningdek, ularning joriy ishlab chiqarish faoliyati uzluksiz amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida 2021-yil 5-iyuldan boshlab quyidagi tartib o‘rnatildi, unga muvofiq:

a) davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lonlar va davlat xaridlari natijalari to‘g‘risidagi axborotni maxsus axborot portali hamda ommaviy axborot vositalarida joylashtirish yo‘lga qo‘yildi;

davlat xaridlarining yillik va choraklik reja-jadvallarini, shuningdek, import qilish rejalashtirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatlarini xaridlarning maqsadga muvofiqligi nuqtai nazaridan kuzatuv kengashi majlisida ko‘rib chiqilishi belgilandi.

b) mazkur qarorga 1-ilovada ko‘rsatilgan korporativ buyurtmachilar uchun individual tarzda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq, belgilangan davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki tender savdolarini o‘tkazmasdan amalga oshirishning mavjud tartiblari bekor qilinishi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PQ-5072-son “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Oliy Majlisi Senatining 2024-yil 29-noyabrdagi KQ-666-son qaroriga asosan “Tuman (shahar) byudjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy Nizom tasdiqlandi. 

Ushbu nizomga asosan, 2024-yil uchun Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasiga 13 ta taklif g‘olib deb topilib, jami 19 052,7 mln so‘m mablag'lar  yo'naltirildi.

Jumladan : 

- avtomobil yo‘llarni ta’mirlash ishlari uchun 14 729,3 mln so‘m;


- Sog‘liqni saqlash binolarini ta’mirlash uchun 2 157,6 mln so‘m;


- Boshqa ijtimoiy soha muassasalarini ta’mirlash va jihozlashga 2 165,9 mln so‘m.


2025-yilda ham byudjet mablag‘laridan samarali va shaffof foydalanishni ta'minlash uchun chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Matbuot anjumani yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan yo'llangan savollarga R.Ibragimov tomonidan batafsil javoblar berildi.

Teglar
- -