Birinchi muallim
“Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti edi”.
Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.
Men Chingiz Aytmatovning asarlari bilan o‘quvchilik yillarimda, maktab darsligiga kiritilgan “Birinchi muallim” qissasidan keltirilgan parchani o‘qib, tanishganman. Yillar o‘tib asarning to‘liq matnini mutolaa qilganimda ham o‘sha bolalikdagi ilk taassurotlarim o‘zgarmay qolgan.
So‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan jumlalar hamon yodimda.
Asarni o‘qir ekanman, ilk bor qo‘limizga ruchka ushlashni va yozishni o‘rgatgan birinchi ustozim Davron Qurolov xayolimdan o‘tadi.
Chingiz Aytmatov ushbu asar orqali birinchi ustozga barcha shogirdlar nomidan haykal qo‘yib ketgan.
Bir kuni o‘z ustozim haqida maqola yozmoqchi bo‘lib, bunga erishaolmasligimni his qilgandim.
Birinchi ustoz, umuman, ustozlar xaqida maqola yozishning o‘zi bo‘lmas, har kimning ham qo‘lidan kelmas ekan.
Buning uchun ko‘plab kitob o‘qish, ularni tahlil qilish va tegishli xulosa chiqarib, yozuvchilarning asarlariga kreativ yondoshish talab qilinishini angladim.
Chingiz Aytmatov o‘zining ilk asarlaridayoq ijtimoiy hayotning muammolarini ochib bergan yozuvchi sifatida tanildi. U oddiy xalqning kundalik hayotini yorqin bo‘yoqlarda aks ettirdi. Shu sababli ijod namunalari qo‘lma-qo‘l bo‘lib, ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilindi, badiiy filmlar yaratildi.
Ushbu maqolada Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” qissasining yoziilishi haqida so‘z yuritishni lozim topdim.
U shunday ta’sirli jumlalar bilan boshlangan:
… Shu qo‘shterak qad ko‘tarib turgan joyni ovuldagilar nima uchundir “Duyshenning maktabi” deyishardi. Birortasining moli yo‘qolib: “Hoy falonchi, g‘unajinimni ko‘rdingmi?” — deb so‘rasa, to‘xtab unga: “Ho‘, yuqoridagi “Duyshenning maktabida” yilqilar yuribdi, o‘sha yoqdan xabar olib ko‘r”, — deb javob berishardi.
Kattalarga taqlid qilib biz ham: “Yuringlar, Duyshenning maktabiga ketdik, terakka chiqib chumchuq haydaymiz”, — der edik.
Bir vaqtlar o‘sha tepada maktab bor ekan. Bizning zamonamizda bu maktabdan asar ham qolmaganu, lekin qo‘shterakli tepaning nomi xalq og‘zidan tushgan emas.
Bolalik chog‘imda bu maktab o‘rnini xo‘p qidirib ham ko‘rganman. Keyinchalik: “Nimaga “Duyshenning maktabi” deyishadi, Duyshen o‘zi kim?” — deb qariyalardan surishtirsam, bu savolimga ular hech qizig‘i yo‘q, anchayin gapday qo‘l siltab javob qilishardi: “Kim bo‘lardi, shu yurgan oqsoq-qo‘y (urug‘ning nomi) Duyshen-da. O‘sha hurriyatdan keyin ho‘ anavi tepada eski bir molxona bo‘lardi.
Duyshen “komsomol bo‘ldim”, — deb o‘sha yerda maktab ochib, bola o‘qitgan.
Hozir u maktabdan bir parcha guvala ham qolmagan, ilgari nomi yo‘q tepa edi. Endi “Duyshenning maktabi” degan nom oldi…”
Keyin bilsam, “Duyshenning maktabi” degan gapning o‘z tarixi bor ekan, buni tasodifan yaqinda bilib qoldim. O‘tgan kuzda kolxozdan menga bir telegramma keldi. Ikki yildan buyon kolxozimiz o‘z kuchi bilan yangi maktab solayotgan ekan. Maktab binosi qurilib bo‘lgandan keyin ovuldagilar meni maktabni ochish marosimiga chaqirishibdi. Bu quvonchli kunlarda elim bilan birga bo‘lay, degan niyatda darhol yo‘lga otlandim. Shahardan chaqirilganlardan Akademik Sulaymonovani ham kutib o‘tirishgan ekan. Bu ayol bu yerda bir kun-yarim kun turib, keyin Moskvaga jo‘nab ketadi, deyishdi. Akademik Sulaymonovaning kelishini eshitib juda suyunib ketdim.
Akademik Sulaymonova o‘sha kuni kechikibroq keldi. Uning mashinasi kelib to‘xtaganda, maktabning tantanali majlisini endi ochmoqchi bo‘lib turishgan edi. Majlisdagilarning hammasi duv etib chiqib uni kutib olishdi, tanigan-tanimagan hamma – yoshu qari u bilan qo‘l berib ko‘rishgisi kelardi. Oltinoy Sulaymonova bunchaligini kutmagan bo‘lsa kerak. Ko‘ngli tog‘day ko‘tarilib, suyunib ketganidan nima qilishini bilmay, ikki bukilib odamlarga ta’zim qila-qila borib prezidiumdan o‘rin olib o‘tirdi. Qancha-qancha tantanali majlislarda bo‘lib izzat-ikrom ko‘rgan Oltinoy Sulaymonova, bu safar oddiygina qishloq maktabida hamqishloqlarining ochiq chehra bilan kutib olishganini ko‘rib, hayajoni zo‘r kelganidan ko‘z yoshlarini tutolmay qoldi. Yangi maktabning faxriy kitobiga uning nomini birinchi qilib yozib qo‘yishdi.
… Oltinoy Sulaymonova bir seskanib tushdi, rangi quv o‘chib nimanidir eslaganday mendan so‘radi: — U qaysi Duyshen, kimni aytishyapti? — Kolxozning pochtachisi, opa, — dedim men. — Duyshen oqsoqolni tanirmidingiz? Ha, deganday bosh irg‘ab Oltinoy Sulaymonova bir narsa demoqchi bo‘lib, o‘rnidan turishga harakat qilgan edi, … — Mayli, ketaversin, u cholning ham o‘ziga yarasha ulfatlari bor, — dedi allakim xomush tortib. — O, Duyshen deganni bilmas ekansizlar. U qonun-qoidani juda o‘rniga keltiradi, xizmatini bajarmasdan hech qayoqqa burilmaydi, — dedi yana bittasi. — To‘g‘ri aytadi, juda ajoyib odam o‘zi… — Bir kirib o‘tsa bo‘lardi… Ha, mayli, — deb mezbon tag‘in qo‘lini siltab qo‘ya qoldi. Bir mahal to‘rda o‘tirgan ovul oqsoqollaridan biri so‘z qotdi: — O‘rtoqlar, esinglarda bo‘lsa kerak, bir vaqtlar “a” harfini ham bilmagan “Duyshenning maktabida” bizlar ham o‘qigan edik… — U shu gapni aytdi-yu, ham ko‘ngli buzilib, ham kulgisi qistab, ko‘zini yumib, boshini chayqab qo‘ydi. — Voy, tavba! — Rost, rost! — deb kulib qo‘yishdi boshqalar… yana gapini davom ettirdi: — Mana endi, oldimiz dong‘i chiqqan akademik bo‘lib, ketimiz oliy ma’lumotli, o‘rta bilimli bo‘lib oldik. Ovulimizda bugun yangi o‘rta maktab ochdik, boshqa tomonlarini aytmaganda ham, zamonamizning qanchalik o‘zgarganligi shundan ko‘rinib turibdi. Qani, kelinglar, og‘a-inilar, ovulimizning o‘g‘il-qizlari bundan buyon ham o‘qimishli bo‘lib, o‘z zamonasining peshqadam kishilari qatoridan joy olishsin! Bu gap hammaga ma’qul tushib, shov-shuv ko‘tarildi. Faqat Oltinoy Sulaymonova juda xijolat tortganday, labini tishlab qizarib ketdi.
… Oltinoy Sulaymonova Moskvaga jo‘nab ketdi. Men shaharga qaytib kelgach, dastlabki kunlarning birida o‘ylamagan-kutmagan yerda Oltinoy Sulaymonovadan xat oldim. Xatida bunday deb yozgandi: “Qadrdon inim, shoshilinch zarur ishlarim bo‘lsa ham hammasini yig‘ishtirib qo‘yib, shu xatni yozmaslikka ilojim bo‘lmadi. Agar shu xatda yozganlarim sizni qiziqtirsa, shu hikoyatimni xaloyiqqa yetkazish ustida o‘ylab-mulohaza qilib ko‘rsangiz deb iltimos qilaman. Bu faqat bizning ovuldoshlarimizga emas, hammaga, ayniqsa yoshlarga ibrat bo‘lar, deb o‘ylayman. Men ko‘p xayol ko‘chalariga kirib chiqdim, oxiri shu fikrga keldim. Bu – mening shuncha zamonlardan buyon yuragimda asrab kelgan sirim. Qancha ko‘p odam bu sirdan voqif bo‘lsa, o‘zimni shunchalik baxtiyor deb bilaman, vijdon azobidan shuncha ko‘proq xalos bo‘laman. Meni uyatga qo‘yarmikanman deb xijolat ham bo‘lmang. Hech narsani yashirmay, ochiq yozing…”
Bir necha kun shu xat ta’siri ostida yurib, oxiri qissani Oltinoy Sulaymonova tilidan hikoya qilishga qaror berdim, deb boshlaydi Chingiz Aytmatov o‘z asarini.
Bu keltirilgan jumlalar Buyuk adib Chingiz Aytmatovning dunyoga mashhur bo‘lgan “Birinchi muallim” qissasidan. Yuqorida tilga olingan — dong‘i chiqqan akademik Oltinoy Sulaymonova hikoyasi asosida yuzaga kelgan “Birinchi muallim” qissasidan o‘zingizga katta taassurotlar olishingizga shubha yo‘q.
Men bu maqola orqali Chingiz Aytmatov haqida yangi gap aytdim, deya olmayman. Faqat adibning birgina asarining paydo bo‘lishi haqida so‘z yuritdim, xolos. Zora, muallimning keyingi hayoti o‘quvchilarni qiziqtirib, ushbu asarni topib, yana bir bor mutolaa qilishga undasa. Yoki bexabar yoshlarimizda asarni o‘qish istagi paydo bo‘lsa, biz oldimizga qo‘ygan maqsadimizga erishgan bo‘lardik.
To‘ychi ISMOILOV,
JDPU dotsenti.