insurez
11-11-2025 15:16

Baxtli oilalar — mustahkam jamiyat poydevori


Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, nikohlanuvchi yoshlarni oilaviy hayotga puxta tayyorlash maqsadida Nurobod tumanida navbatdagi o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.

Mazkur tadbir tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda FHDYo bo‘limi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman boʻlinmasi hamkorligida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi “Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 820-son qarori asosida o‘tkazildi.

Mashg‘ulot davomida nikohlanuvchi yoshlarning ongiga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirish, ularni oilaviy munosabatlar madaniyati, reproduktiv salomatlik, shuningdek, ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha bilimlarini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan nikoh shartnomasining mazmun-mohiyati, uning nikoh guvohnomasidan farqi, shartnomaning shakli va qonuniy kuchga kirish tartibi haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Hayotiy misollar asosida olib borilgan muloqotlar yoshlar uchun qiziqarli va foydali bo‘ldi.

O‘quv mashg‘ulotlari yakunida ishtirokchilar bilimlarini sinovdan o‘tkazib, dastur talablarini muvaffaqiyatli bajargan yosh oila quruvchi juftliklarga maxsus sertifikatlar topshirildi.

Bunday tadbirlar yoshlarning mustahkam va baxtli oila qurishida, ularni hayotga mas’uliyat bilan yondashishga o‘rgatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
 

Teglar
- -