insurez
28-06-2024 12:14

Tergov sudyalari faoliyati yo'lga qo'yiladi


«O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish maqsadida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10.06.2024 yilda PF-89-sonli “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonga ko‘ra 2025 yil 1 yanvardan boshlab, - jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi joriy etiladi; - jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritiladi; - jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilishi tartibi belgilandi; - tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi; - tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi. Farmonga muvofiq, tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini, shu jumladan sanksiyalar va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati beriladi: Quyidagilar bo‘yicha sanksiyalar: - qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnoma; - qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘liq iltimosnoma; - pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma; - murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma; - pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma; - tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma; - telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma; - mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma; Quyidagilar bo‘yicha majburlov choralari iltimosnomalar: - ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma; - shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma; - ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi; - ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma; - Prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomalari urib chiqiladi. Tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi hamda faqat qonunga bo‘ysunadi - tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunadi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi; - tergov sudyalarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek, sudyalar korpusini shakllantirish qonunda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi; - tergov sudyasining tashkiliy faoliyatiga rahbarlik tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Harbiy sud raislari tomonidan amalga oshiriladi. Qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlash tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Tergov sudyasi lavozimi uchun shtat birliklari sudlarning mavjud shtat birliklari hamda 2025–2027 yillar uchun ajratiladigan qo‘shimcha shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi. Nurobod tumani adliya bo'limi Yuridik xizmat ko'rsatish markazi

Teglar
- -