Sudlarda ishlarni koʻrishda prokurorning vakolatlarini taʼminlash borasidagi yangiliklar
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni koʻrishda prokurorning vakolatlarini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” gi OʻRQ-968-sonli qonuni 2024-yilning 2-iyulda qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilib, 28-avgustda senat tomonidan maʼqullandi hamda 30-sentyabrda prezident tomonidan imzolandi.
Ushbu qonunga asosan qator qonun normalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi bular: Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodekslariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalar asosan sudlarda ishlarni koʻrishda prokurorning ishtirokini mustahkamlash, prokurorning sud ishlarini ishlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish, sudlarda koʻrib chiqilgan ishlarni oʻrganish va qarorlarga nisbatan protestlar kiritish boʻyicha vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan.
– oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan sud ishlarini yuritishda taraflarning tortishuvi prinsipini, davlat manfaatlari samarali himoya qilinishini taʼminlash maqsadida sudlar tomonidan fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy ishlarni koʻrishda prokurorning ishtirok etishi majburiy boʻlgan holatlar roʻyxati kengaytirildi,
– ishlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan prokurorning protest kiritish huquqiga taalluqli protsessual normalar yanada aniqlashtirildi va kengaytirildi;
– prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki bilan bogʻliq ishlarda, atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish, davlat byudjetidan undiruvlar, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona toʻlovlarini undirish bilan bogʻliq ishlarda ishtirok etishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar zarurati tugʻilganligi, sudda koʻrilgan ishlarda prokurorning sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida prokuror tegishli tarzda xabardor qilinmasdan koʻrilgan, qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan ishlar boʻyicha kassatsiya protesti, taftish tartibida protest keltirish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli sudlardan ishlarni talab qilib olishga boʻlgan huquqi belgilandi, shuningdek mazkur toifadagi ishlarni koʻrish yakunlari boʻyicha chiqarilgan sud hujjatlari ustidan prtest kiritish tartibi oʻzgartirildi, va prokuror vakolatlari oshirildi.
Yangi qonunga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga 9 ta, Iqtisodiy protsessual kodeksiga 13 ta, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga 4 ta oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Ushbu Qonun prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashish borasidagi faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat hamda davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini toʻlaqonli himoya qilishga, shuningdek sudlarda ishlarni muhokama qilishda qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Nurobod tuman sudining raisi S.U.Kuliyev