insurez
11-06-2024 17:08

Nurobod tumanida “Yoshlar oyligi” ni munosib o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi


Bugun Nurobod tumani hokimligida 30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida tumanda o‘tkaziladigan tadbirlar, loyiha va musobaqalar hamda ularga munosib tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda tuman hokimi o‘rinbosari S.Xujamiyarov, tuman yoshlar ishlari bo'limi boshlig'i A.Ziyatov, tumandagi tashkilotlar rahbarlari va mutasaddilar ishtirok etishdi. Nurobod tumanida yoshlar festivali doirasidagi barcha ma’naviy-ma'rifiy tadbirlar, tanlov va musobaqalar 18-iyun sanasida bo‘lib o‘tishi belgilangan. 18-iyun sanasida erta tongdan “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida ommaviy yurish marafoni tashkil etiladi. Kun davomida karaoke, raqs, tasviriy san’at, estrada xonandaligi ko‘rik-tanlovlari, milliy kurash, tosh ko‘tarish sport turlari namoyishi, sportning shaxmat, shashka, stol tennis turlari bo‘yicha musobaqalar, mehnat yarmarkalari, ikki avlod uchrashuvlari, kulolchilik, rassomchilik, teatr, amaliy san’at, zardo‘zlik ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tadi. “Mening qonunim – mening taqdirim” ko‘rik tanlovi hamda tumandagi yoshlar jamoalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida “Yosh kitobxon” tanlovi, kitob yarmarkalari va mushoira tanlovlari o‘tkaziladi. Shuningdek, festival doirasida birinchi marta “Mutolaa” va “Ibrat farzandlari” targ‘ibot loyihalari tashkil etiladi. Kun so‘ngida tuman markazidagi “Mehnat” o‘yingohida estradamiz yulduzlari ishtirokida Gala-konsert dasturi bo’lib o’tadi. Barchangizni “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostidagi Yoshlar festivalida faol ishtirok etishga chorlab qolamiz, aziz Nurobod yoshlari!

Teglar
- -