Nurobod tumanida “Biz bir bo‘lsak yagona xalqmiz – birlashsak Vatanmiz!” shiori ostida "Ma'naviyat festivali" bo'lib o'tmoqda
Festival doirasida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at va madaniyat xodimlari, fan arboblari, professorlar, shoir va ijodkorlar "Xalqobod" mahallasida yashovchi Safarovlar xonadoniga tashrif buyurib, oilaviy yutuqlari bilan tanishishdi. 2024-yil Safarovlar oilasi uchun ulkan muvaffaqiyat va yutuqlar yili bo'lmoqda. Jumladan, oila qizlaridan kattasi, SamDCHTI 1-bosqich talabasi Rayhona Toshmurodova Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Kitobxon yoshlar ligasi” onlayn tanlovida Respublika miqyosida faxrli 2-o'rinni qo'lga kiritgan bo'lsa, Jasmina Toshmurodova Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Amir Temur tavalludining 688 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Sohibqiron Amir Temur” ko‘rik-tanlovida 200 000 dan ortiq bilimdonlar orasida faxrli 2-o'rinni egalladi. Bundan tashqari, Jasmina "Zukko kitobxon" ko'rik-tanlovining 2 karra 2-o'rin sohibasi ham hisoblanadi. Oila yigitlari Axror va Sardor Toshmurodovlar ham ushbu "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida o'tkazilayotgan "Zukko kitobxon" tanlovida jami 5 marta ( 3 marta 1-o'rin, 2 marta 2-o'rin) g'olib va sovrindorlar qatoridan o'rin egallashdi. Safarovlar oilasining eng kichik a'zosi Shabnam Toshmurodova uchun iyul oyi qo'shaloq muvaffaqiyat oyi bo'ldi. Shabnam dastlab O'zbekiston Mahallalari uyushmasi tomonidan tashkil etilgan "Mahalladagi kitobxon" tanlovida Respublika miqyosida faxrli 1- o'rinni egallab, Respublika g'olibi degan sharafli nomga sazovor bo'ldi. Bir necha kun o'tib Shabnam Toshmurodova orzularidan yana biriga erishib, akalari va opalari singari "Zukko kitobxon" ko'rik-tanlovi g'olibligini qo'lga kiritdi. Bir so'z bilan aytganda, kitobga do'st tutinish insonni naqadar ulug'lashiga, ma'rifat nuriga to'ldirishiga Safarovlar oilasi haqiqiy namuna bo'la oladi. Yurtimizda ana shunday ma'rifatli, ziyoli oilalar yanada ko'payishiga tilakdoshmiz, zero ma'rifatning yurt, millat rivojida, mamlakat istiqbolida tutgan o'rni beqiyosdir.