Nurobod tumani “Ulus” MFYda aholi kayfiyatini ko‘tarishga qaratilgan bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xalq bilan muloqotlar o‘tkazildi
Bugungi kunda yurtimizda inson sha’ni, qadr-qimmati, farovon turmush tarzi tushunchalari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilib, tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Nurobod tumani 2-sektor hududidagi “Ulus” mahallasida aholi kayfiyatini ko‘tarish, muammolarini tinglash, fuqarolarda daxldorlik hissini va milliy iftixor tuyg‘ularini oshirish maqsadida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sayyor qabul va uchrashuvlar tashkil etildi. Sayyor qabulda tuman prokurori, 2-sektor rahbari N.Soyipova, tuman hokimi o‘rinbosarlari, korxona va tashkilot rahbarlari, hudud fuqarolari va yoshlari ishtirok etishdi. Fuqarolardan elektr energiyasi, ichimlik suvi, kadastr, bandlikni ta’minlash, tibbiyot, turli moddiy yordam va ko‘maklar olish kabi masalalarda murojaatlar yo‘llandi. Sektor rahbari barcha murojaatlarni atroflicha tinglab, bir qator masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirish va tavsiyalar bergan bo‘lsa, muddat va o‘rganish talab etadigan murojaatlar ijrosi tegishli mas’ullar zimmasiga yuklatildi. Murojaatlarning samarali yechimi yuzasidan amaliy harakatlar shu vaqtning o'zidayoq boshlab yuborildi. “Inson” ijtimoiy-xizmatlari markazi Nurobod tuman bo‘limi tomonidan hududdagi nogironligi bor shaxslarga nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayorlar va eshitish moslamalari topshirildi. Bu kabi ma’rifat va ezgulik tadbirlari, xalq bilan muloqotlar joylarda davom etmoqda.