Aralash saylov tizimi va uning o‘ziga xos xususiyatlari
Keyingi yillarda parlamentimiz hamda davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatida izchil yangilanishlar, jumladan, davlat boshqaruvida siyosiy partiyalar rolini yanada kuchaytirish, vakillik organlariga saylangan deputat va senatorlarning parlament hamda mahalliy vakillik organlari faoliyatidagi mas’uliyati va faolligini oshirish borasida tizimli huquqiy islohotlar kechmoqda.
Jumladan, 2023 yil 18 dekabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Saylov kodeksi va amaldagi yettita qonunga saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini mamlakatimiz siyosiy hayotida amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijalariga, siyosiy-huquqiy madaniyati yuksalib borayotgan xalqimiz talablariga, shuningdek, rivojlangan demokratik huquqiy davlatlarning ilg‘or amaliyotiga uyg‘unlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Saylov kodeksiga kiritilgan yangi normalarga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar va proporsional saylov tizimi asosida o‘tkazish belgilandi. Zero, bugungi kunda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan, saylovchilarning xohish-istaklari, talablariga to‘la javob beradigan, saylovni aholi uchun eng maqbul shaklda tashkil etish va o‘tkazish tartiblari hamda saylov tizimlari mavjud. Ular, ayniqsa, aralash saylov tizimidan samarali foydalanib kelmoqda. Shu sababli Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi asosida o‘tkazish tartibi belgilangan.
Aralash saylov tizimi
Aralash saylov tizimi o‘zida ikkita — proporsional va majoritar saylov tizimini uyg‘unlashtirgan. Unda vakillik organidagi deputatlik o‘rinlarining bir qismi deputatlikka nomzodlarning partiya ro‘yxatiga muvofiq siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda, ikkinchi qismi esa bevosita siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglaridan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarga berilgan ovozlar natijasiga ko‘ra taqsimlanadi.
Mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining joriy yil oktyabrda rejalashtirilgan saylovi ham aynan aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Bunda Qonunchilik palatasining 75 deputati avvalgidek bevosita bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 deputat siyosiy partiyalarning saylovda olgan ovozlari soniga proporsional tarzda, partiya tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlar ro‘yxati bo‘yicha saylanadi.
Majoritar saylov tizimi bo‘yicha siyosiy partiya bir mandatli saylov okruglarining har biridan bittadan, jami 75 ta deputatlikka nomzodni ko‘rsatish huquqiga ega. Proporsional saylov tizimida yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning ro‘yxatiga kamida 75, ko‘pi bilan 100 nafar nomzod kiritilishi lozim.
Saylov kodeksi talablariga muvofiq, partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz bo‘lishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning a’zolari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin emas. Ayni bir nomzod faqat bitta partiya ro‘yxatiga kiritiladi. Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar ham partiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin emas.
Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, shuningdek, partiya ro‘yxati asosida siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida qirq foizini (avval bu miqdor o‘ttiz foiz edi) tashkil etishi kerak. Bunda partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozim. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga aralash saylov tizimi bo‘yicha saylov o‘tkazilishi munosabati bilan har bir saylovchiga saylov kuni majoritar saylov tizimi bo‘yicha bitta, proporsional saylov tizimi bo‘yicha ham bitta, jami ikkita saylov byulleteni beriladi.
Bu yerda quyidagilarga alohida e’tibor berish lozim:
— majoritar saylov tizimida: bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha o‘tkaziladigan saylovda saylov byulleteniga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarning ism-sharifi kiritilgan bo‘ladi;
— proporsional saylov tizimida: Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha o‘tkaziladigan saylovda saylov byulleteniga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi kiritiladi.
Saylov byulletenini to‘ldirishda saylovchi mustaqil ravishda qaror qabul qiladi, o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etadi, shu tariqa o‘zi ma’qul deb topgan deputatlikka nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz beradi.
Majoritar saylov tizimi
Majoritar saylov tizimi davlat hokimiyati va mahalliy hokimiyat vakillik organlarini (parlament, xalq deputatlari mahalliy kengashlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqalar), shuningdek, davlat rahbarini saylash uchun o‘tkaziladigan saylov tizimi bo‘lib, unda, asosan, bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Kam ovoz olgan nomzodlar uchun berilgan saylovchilar ovozi inobatga olinmaydi.
Masalan, Hindiston, Buyuk Britaniya, AQSh va Meksika kabi davlatlarda majoritar saylov tizimi mavjud. Hozirgi zamon konstitutsiyaviy huquqida majoritar saylov tizimining uchta turdagi ko‘rinishi — mutlaq, malakali hamda nisbiy ko‘pchilik ovozga asoslangan ko‘rinishlari mavjud. Mutlaq ko‘pchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimida bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar uchun ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining (50 foiz + 1 va undan ortiq) ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Bunday saylov tizimi Rossiya, Ukraina, Finlyandiya, Polsha, Chexiya, Litva kabi davlatlarning parlament deputatlari saylovlarida amal qiladi.
Ko‘ppartiyaviylik sharoitida o‘tkaziladigan saylovlarning birinchi turidayoq ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini to‘plash o‘ta murakkab. Agar bir mandatli saylov okrugidan uch yoki undan ortiq nomzod saylovda ishtirok etayotgan bo‘lsa-yu, birinchi tur saylovida hech bir nomzod mutlaq ko‘pchilik ovozni to‘play olmasa, unda saylov okrugi bo‘yicha saylovchilarning eng ko‘p ovozlarini to‘plagan ikki nomzod o‘rtasida takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda o‘tkazilgan saylovlar amaliyotidan ma’lumki, besh nafar nomzod ishtirok etgan bir mandatli saylov okruglarida birinchi turdayoq ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ko‘pchiligi ovozini olishda muayyan qiyinchiliklar kuzatilgan. Shuning uchun saylovlarda ikkinchi turlar o‘tkazib kelingan. Masalan, 2019 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir yuz ellikta bir mandatli saylov okrugidan 25 tasida ikkinchi tur saylovi, ya’ni takroriy ovoz berish bo‘lib o‘tgan. Bu, albatta, vakillik organlarini to‘liq shakllantirishda qo‘shimcha vaqt talab qiladi. Takroriy ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish uchun qo‘shimcha resurs va mablag‘ sarflanadi.
Malakali ko‘pchilik ovozga asoslangan majoritar saylov tizimida bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar uchun ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning qonunchilikda belgilangan talabga muvofiq 2/3 yoki 3/4 qismi ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Ko‘rinib turibdiki, bu usul mutlaq ko‘pchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimidan ham murakkabroq.
Amaliyotda asosan, bu usuldan ko‘proq Konstitutsiya, konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilish yoki Konstitutsiyaga oid boshqa masalalarni hal etishda, ayrim hollarda davlat va hukumat rahbarini saylashda foydalaniladi. Masalan, Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan konstitutsiyaviy qonun yoki O‘zbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi”, deb aniq belgilab qo‘yilgan.
Xorijiy davlatlar amaliyotiga e’tibor qaratsak, Italiya Konstitutsiyasida parlament tomonidan mamlakat Prezidentini saylashda deputatlarning kamida 2/3 qismining ovozini yig‘ish talab etilishi belgilanganini ko‘rishimiz mumkin. Nisbiy ko‘pchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimida bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar uchun ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Ushbu saylov tizimi Buyuk Britaniya, Yaponiya, AQSh kabi davlatlarda parlament deputatlari saylovida amal qiladi.
Hozirgi demokratik davlatlarda ko‘ppartiyaviylik sharoitida o‘tkaziladigan saylovda aynan nisbiy ko‘pchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimidan foydalanish qulay, sodda va eng maqbuli sanaladi. Chunki bir mandatli saylov okrugidan qancha nomzod ko‘rsatilgan bo‘lishidan qat’i nazar, boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz to‘plagan nomzod saylangan hisoblanadi. Bunda takroriy ovoz berish yoki saylovning ikkinchi turini o‘tkazishga ehtiyoj qolmaydi. Natijada ortiqcha vaqt, resurs va mablag‘ sarf-xarajatining oldi olinadi. Vakillik organlari to‘liq tarkibda, nisbatan ertaroq shakllanishi va faoliyatini yo‘lga qo‘yishi mumkin bo‘ladi.
Ushbu afzalliklarni inobatga olgan holda Saylov kodeksiga “saylovda bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi”, degan o‘zgartirish kiritildi. Endi mamlakatimiz vakillik organlarini shakllantirish, xususan, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha deputatlarni saylashda nisbiy ko‘pchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimi amal qiladi. Avval parlament saylovlarida ham, xalq deputatlari kengashlari saylovlarida ham mutlaq ko‘pchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimi amal qilib kelgan.
Proporsional saylov tizimi
Proporsional saylov tizimi xalqaro amaliyotda mavjud saylov tizimlaridan biri bo‘lib, majoritar saylov tizimidan bir asr keyin vujudga kelgan. Saylov proporsional tizim asosida o‘tkazilganda, deputatlik mandatlari, ya’ni vakillik organida mavjud deputatlik o‘rinlari siyosiy partiyalar tomonidan shakllantirilgan deputatlikka nomzodlar ro‘yxatlari uchun siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Majoritar saylov tizimidan farqli o‘laroq, saylovchi bevosita deputatlikka nomzod shaxsga emas, balki saylovda ishtirok etayotgan, deputatlikka nomzodlar ro‘yxatini taqdim etgan siyosiy partiyaga ovoz beradi.
Hozirgi kunda proporsional saylov tizimi ancha keng tarqalgan, Ispaniya, Latviya, Xorvatiya, Shvesiya, Daniya kabi mamlakatlarda saylov ko‘pincha proporsional saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Proporsional saylov tizimida saylov natijalarini aniqlashda qonunchilikda vakillik organida mavjud deputatlik mandatlariga da’vogarlik qilish uchun siyosiy partiyalar qo‘lga kiritishi zarur bo‘lgan ovozlarning asosan to‘rt yoki besh foizlik eng kam miqdori (o‘tish plankasi, bareri) belgilanadi. Masalan, O‘zbekiston Saylov kodeksiga, Qonunchilik palatasiga saylovda yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan siyosiy partiyalar belgilangan tartibda mandatga ega bo‘ladi. Saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiya qonunchilikda belgilangan eng kam miqdordagi yoki undan ko‘proq saylovchilarning ovozini to‘play olsagina, unga deputatlik mandatlari taqsimlanadi. Buning uchun, avvalo, saylovchilar bergan ovozlar vakillik organida mavjud deputatlik o‘rinlari soniga bo‘linadi. Natijada bitta mandat (deputatlik o‘rni) uchun to‘planishi lozim bo‘lgan ovozlar miqdori ma’lum bo‘ladi va u saylov koeffitsienti hisoblanadi. So‘ng saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoqlab bergan ovozlari alohida-alohida hisoblab chiqiladi. Har bir siyosiy partiya olgan ovozlar soni saylov koeffitsientiga bo‘linadi, natijada mazkur partiya ega bo‘lgan deputatlik o‘rinlarining umumiy soni aniq bo‘ladi.
Odatda proporsional saylov tizimining ikki xil ko‘rinishi mavjud. Birinchisi, umumdavlat darajasidagi proporsional saylov tizimida mamlakat hududi saylov okruglariga bo‘linmaydi. Siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilayotgan deputatlikka nomzodlarning partiyaviy ro‘yxati butun mamlakat hududi bo‘yicha shakllantirilgan holda taqdim etiladi. Saylovchilar ushbu partiyaviy ro‘yxatni inobatga olgan holda siyosiy partiyalarni yoqlab ovoz beradi (parlamentdagi deputatlik mandatlari partiyalarning olgan umumiy ovozlariga mutanosib ravishda yagona saylov okrugi bo‘yicha taqsimlanadi).
Ikkinchisi, ko‘p mandatli okruglarga asoslangan proporsional saylov tizimida mamlakat hududi yirik ma’muriy-hududiy birliklarni inobatga olgan holda saylov okruglariga bo‘linadi. Siyosiy partiyalar tomonidan saylov okruglari kesimida deputatlikka nomzodlarning partiya viy ro‘yxatlari taqdim etiladi. Bunda saylovchilar deputatlikka nomzodlarning partiyaviy ro‘yxatlarini inobatga olgan holda saylov okruglari kesimida siyosiy partiyalarni yoqlab ovoz beradi (parlamentdagi deputatlik mandatlari partiya larning har bir saylov okrugida olgan ovozlariga mutanosib ravishda, saylov okruglari kesimida taqsimlanadi).
Xullas, proporsional saylov tizimida saylovchilar siyosiy partiyalarga ovoz beradi. Qaysi siyosiy partiya qancha ovoz olganiga qarab deputatlik o‘rinlariga ega bo‘ladi.
Saylov kodeksiga muvofiq, Qonunchilik palatasidagi bir yuz ellikta deputatlik o‘rnidan yetmish beshtasi proporsional saylov tizimi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib holda taqsimlanadi. Masalan, saylovda ishtirok etgan saylovchilarning 40 foizi qaysidir siyosiy partiyani yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, demak, mazkur siyosiy partiya Qonunchilik palatasida mavjud 75 ta deputatlik o‘rnining 40 foizi, ya’ni taxminan 30 ta deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritgan hisoblanadi.
Proporsional saylov tizimining afzalliklaridan biri oraliq saylov, ya’ni muddatidan oldin bo‘shab qolgan deputatlik o‘rni uchun saylov o‘tkazilmasligida namoyon bo‘ladi. Chunki saylovchilar saylov kampaniyasi davrida proporsional saylov tizimi bo‘yicha siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning partiya ro‘yxatini inobatga olgan holda siyosiy partiyalarni yoqlab ovoz berib bo‘lgan. Har bir partiya ro‘yxatida 75 nafardan 100 nafargacha deputatlikka nomzod mavjud. Saylov yakuniy natijalariga ko‘ra, biror siyosiy partiya ellik foiz saylovchilar ovozini olgan taqdirda ham u tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatdagi deputatlikka nomzodlarning ko‘pi bilan 38 nafari deputat etib saylanadi, partiya ro‘yxatida qolgan 37 nafardan 62 nafargacha nomzod zaxirada turadi. Proporsional saylov tizimi bo‘yicha qaysi partiyadan saylangan deputatning vakolati muddatidan ilgari tugatilsa, uning o‘rni ushbu partiyaning partiya ro‘yxatida zaxirada bo‘lgan deputatlikka nomzodlarning navbatdagisi hisobiga to‘ldiriladi.
Xulosa qilib aytganda, aralash saylov tizimi jamiyatda saylovchilarning huquqiy ongini yuksaltirish, ijtimoiy- siyosiy faolligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Zero, saylovchi nafaqat nomzodlarning shaxsi, balki dasturlari, g‘oyalari, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalq turmushini yanada farovonlashtirish bo‘yicha ilgari surayotgan takliflari bilan ham yaqindan tanishadi, o‘rganadi, ularni real hayotda nechog‘liq tatbiq etish imkoniyatlari mavjudligini baholaydi. Shundan so‘ng muayyan qarorga keladi hamda o‘zi lozim topgan nomzodni va siyosiy partiyani qo‘llab-quvvatlaydi.
Aralash saylov tizimida siyosiy partiya larning mas’uliyati yanada ortadi. Qaysi siyosiy partiya o‘z dasturi orqali maqsadlari, jozibador g‘oyalarini ifoda etib, ularni ro‘yobga chiqarish uchun real imkoniyatlarga ega ekaniga xalqni ishontira olsa, buning uchun munosib harakat qilsa, aholi tomonidan kengroq qo‘llab-quvvatlanishga, saylovchilarning ko‘proq ovozini olishga erishadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nurobod tuman
sudining devonxona mudiri Said Allamurodov