Aholi muammolari xonadonbay o'rganilmoqda
Bugun Samarqand viloyati IIB boshligʻi R.Mamatov Nurobod tumani hokimi S.Berdiqulov va sektor rahbarlari hamrohligida tumanning Qilichli mahallasida bo'lib, aholi muammo va murojaatlarini tingladi.
Hududda "Kambagʻallikdan farovonlik sari" davlat dasturining ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati, mahalla yettiligi faoliyati, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, hududlar obodligi, aholining elektr energiyasi hamda tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta'minlanganlik darajasi o'rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, rahbarlar hududdagi 34-umumta'lim maktabi uchun qurilishi davom etayotgan qo'shimcha binodagi bunyodkorlik ishlari holati va mahalla yoshlarining sport bilan shug'ullanishlari uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishib, mas'ullarga bu boradagi ishlar rivoji yuzasidan kerakli tavsiya va topshiriqlar berildi.