Yer — umummilliy boylik
Ma’lumki, yer umummilliy boylik hisoblanadi, xalqimiz va yurtimiz farovonligi va taraqqiyotining asosi bo‘lib, davlatimiz tomonidan alohida muhofazaga olingan.
Shunga ko‘ra yer munosabatlarini tartibga solishda mustahkam qonunchilik asoslari yaratilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi yerdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, tuproq unumdorligini oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, shuningdek bu sohada qonuniylikni mustahkamlash va korrupsiyaning oldini olishdan iborat.
Afsuski yerdan foydalanish jarayonida yer egalari yoki boshqa shaxslarning yer uchastkalaridan foydalanishda turli suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘yish, yer uchastkalaridan samarali foydalanmaslik, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va tegishli ruxsatsiz noqonuniy qurilmalar qurish va yer uchastkasiga zarar yetkazish kabi qonun buzilish holatlari mavjud. Zero, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev ta’birlari bilan aytganda “Yerga xiyonat — bu elga, yurtga bo‘lgan xiyonatdir”.
Shuni ta’kidlash lozimki, yer sohasida sodir etilgan qonun buzilishlar uchun aybdor shaxslarning qonunga muvofiq tegishli tartibda fuqarolik, ma’muriy va jinoiy javobgarligiga sabab bo‘ladi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Yer kodeksi va boshqa fuqarolik qonunchiligiga asosan qonun buzilish sodir etgan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan huquqiy javobgarlik sifatida yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni bekor qilish, yer uchastkasidan majburiy tartibda chiqarish, noqonuniy qurilmalarni buzdirish, yer uchastkasini foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish va unga yetkazilgan zararni undirish kabi javobgarliklarga sabab bo‘lishi mumkin.