Xotin-qizlar uchun yana bir imkoniyat
Bugungi kunda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-qo‘vvatlash Davlatimiz Rahbarining diqqat markazida turgan muhim masalalardan biri hisoblanadi va buni biz hurmatli Prezidentimizning har yili tegishli hujjatlari bilan xotin-qizlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlarda ko‘rishimiz mumkin.
Albatta, bu yil ham bundan mustasno emas, ya’nikim joriy yilning 14 mart kuni hurmatli Prezidentimizning “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi navbatdagi PQ–103-son qarori qabul qilinib, unda 2025-yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilab berildi.
Xususan, 2 million nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, 250 ming nafar xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, 250 ming nafar xotin-qizlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish va “Ayollar daftari”ga kiritilgan va ehtiyojmand xotin-qizlarning 50 ming nafariga Toshkent viloyatidagi dam olish maskanlarida psixologik yordam ko‘rsatish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etilishi belgilandi.
Shuningdek, mazkur Qarorga ko‘ra “HAMROH” tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida 2025-yil 1-maydan boshlab - xotin-qizlarga “Yashil loyihalar” va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga, shuningdek, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yo'lga qo'yishga ko'maklashgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha grant ajratish yo‘lga qo‘yiladi, ijobiy kredit tarixiga ega bo'lgan xotin-qizlarga 100 mln so'mgacha garovsiz kredit ajratiladi, ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kafillik taqdim etilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu Qaror bilan belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi yana bir muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Nurobod tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi N.Ruziyev
Nurobod tuman adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Sh.Sharopov