Umumta’lim maktablarida o‘rindoshlik asosida ishlovchi pedagog xodimlar mehnatiga soatbay haq to‘lanadi
Savol: Assalom-u alaykum, men maktabda ingliz tili fanidan o‘rindosh ustoz sifatida ishlayman va ish davrimga 5 oy bo‘ldi, lekin mehnat ta’tili puli chiqmaydi deyishdi, ammo yurist sizga ishlagan vaqtingizni hisoblab chiqarib berishi shart dedi, shunga aniq javob javob kerak.
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 438-moddasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 297-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida” gi Nizomda umumta’lim maktabida o‘qituvchi sifatida ishlash o‘rindoshlik asosida ishlash mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxatiga kiritilgan.
Umumta’lim maktablarida o‘rindoshlik asosida ishlovchi pedagog xodimlar mehnatiga soatbay haq to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019-yil 22-apreldagi “O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida” gi 3157-sonli qo‘shma qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan ro‘yxatga asosan, umumta’lim maktablari pedagog xodimlariga o‘tgan darsi uchun soatbay haq to‘lashda ushbu haq tarkibiga har yilgi mehnat ta’tili puli ham kiritiladi.
Amaldagi mehnat kodeksining 439-moddasiga asosan, o‘rindoshlik asosida ishlovchi xodimlarga yillik asosiy ta’tillar, shuningdek o‘rindoshlar haqli bo‘lgan qo‘shimcha mehnat ta’tillari asosiy ish joyidagi yillik mehnat ta’tili bilan bir vaqtda beriladi.
Ushbu normadan ko‘rinadi-ki, o‘rindoshlik asosida ishlovchi xodimlar ham o‘rindoshlik asosida ishlovchi joyidan asosiy va ular haqli bo‘lgan qo‘shimcha ta’til olishlari mumkin, Biroq, bu yerda faqatgina bitta sharti shu-ki, asosiy ish joyidagi ta’til bilan bir vaqtda olish lozim bo‘ladi.
Umumta’lim maktabi pedagog xodimlari qoida tariqasida har yilgi mehnat ta’tiliga umumta’lim maktabida o‘quv jarayonlari tugagan vaqtda chiqishlarini inobatga olib, ushbu holatda o‘rindoshlik asosida ishlovchi pedagog xodimlarga har yilgi asosiy mehnat ta’tili asosiy ish joyidan beriladi va shu sababdan ham, ular mehnatiga 2019-yil 22-aprelda tasdiqlangan 3157-sonli qo‘shma qarorda belgilangan soatbay haq to‘lashda ularga berilishi va to‘lanishi lozim bo‘lgan mehnat ta’tili pullari ham qo‘shib, bir vaqtda to‘lab yuboriladi.