insurez
13-01-2026 12:45

Talabalarning amaliyot o‘tashi va ularni ishga joylashtirish - raqamlashtirildi


Aholining, shu jumladan ta’lim muassasalari bitiuvchilarining bandiligini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 30.09.2025 yildagi
615-sonli qarori bilan “Oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining amaliyot o‘tashi va ularni ishga joylashtirish tizimini raqamlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomi tasdiqlandi va unda kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarini tamomlagan yoshlarni elektron platforma orqali, shu jumladan, ish beruvchilarning talabnomalarini kiritishni nazarda tutgan holda ishga joylashtirish tizimi, ya’ni raqamlashtirish  tartibi belgilab qo‘yildi.

Ushbu hujjat qoidalari nodavlat oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari uchun tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi.

O‘rnatilayotgan qoidaga ko‘ra, ta’lim tashkiloti har yili 1 oktabrga qadar «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritilgan korxona bilan bitiruvchilar amaliyotini o‘tashi bo‘yicha shartnoma tuzish maqsadida platforma orqali ushbu korxona (tashkilot)ga so‘rov yuborganidan so‘ng amaliyotni tashkil etish bo‘yicha ta’lim tashkiloti va korxona (tashkilot) o‘rtasida shartnoma amaliyot boshlanishidan kamida uch hafta oldin platforma orqali rasmiylashtiriladi.

Ta’lim tashkiloti amaliyot boshlanishidan kamida bir hafta oldin amaliyotni tashkil etish bo‘yicha buyruq asosida bitiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni platformaga kiritadi hamda korxona (tashkilot)ga yuborganidan keyin korxona (tashkilot) platformaga amaliyot boshlanishidan kamida uch kun oldin bitiruvchilarga amaliyotni o‘tkazish bo‘yicha biriktirilgan mas’ul (xodim)lar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritadi.

Bitiruvchilarni ishga joylashtirishni tashkil etish uchun korxona (tashkilot) Dasturga har oyning 25-sanasiga qadar o‘zlari uchun zarur kadrlar, shu jumladan, vakant lavozimlar haqidagi ma’lumotlarni kiritib boradi.

Agarda bitiruvchilarni ishga qabul qilgan korxona (tashkilot) to‘g‘risidagi ma’lumotlar Dasturda bo‘lmaganda, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi platforma orqali ushbu ish beruvchilarga doimiy ravishda Dasturda ro‘yxatdan o‘tishi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi.

 Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ishga joylashmagan va platformada «bandligi ta’minlanmagan» bitiruvchilarning manzilli ro‘yxatini platforma orqali Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining «Bandlik xizmati» axborot tizimiga real vaqt rejimida yuboradi va ushbu ro‘yxat asosida hududlar kesimida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda ularning bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi.

Ayni vaqtda hujjatda korxona (tashkilot) hamda ta’lim muassasalarining ushbu yo‘nalishdagi huquq va majburiyatlari ham aniq belgilab qo‘yildi.

Unga ko‘ra, kkorxona (tashkilot) bitiruvchilar amaliyotini tashkil qilish va ishga qabul qilishda:

amaliyot davrida platforma orqali bitiruvchilarning bilimini baholash;

ta’lim tashkiloti tomonidan amaliyotga yo‘naltirilgan bitiruvchilar ta’lim yo‘nalishi va kasbi hamda amaliyot dasturi korxona (tashkilot) faoliyat sohasiga mos bo‘lmasa, ta’lim tashkiloti bilan yuborilgan amaliyot shartnomasini kelishmaslik;

bitiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni amaliyot boshlanishidan kamida bir hafta oldin platforma orqali olish kabi huquqlarga ega bo‘lsa, quyidagilar

ta’lim tashkiloti bilan hamkorlikda bitiruvchilar amaliyotini tashkil etish bo‘yicha shartnomani platformada rasmiylashtirish;

platformada korxona (tashkilot) tomonidan bitiruvchilarga amaliyotni o‘tkazish bo‘yicha mas’ul (xodim)larni biriktirish;

amaliyot davrida platforma orqali bitiruvchilarni amaliyotda qatnashishining kunlik davomatini olib borish va ular faoliyati samaradorligini baholash;

platformaga vakant lavozimlar haqidagi ma’lumotlarni kiritish va e’lon qilish majburiyati hisoblanadi.

- Ta’lim tashkilotlari esa bitiruvchilarning amaliyotini tashkil qilishda:

korxona (tashkilot)ning amaliyot jarayonlarini tashkil etish holatini baholash;

korxona (tashkilot)ning vakant lavozimlari haqidagi ma’lumotlari bilan platforma orqali tanishish.

- ta’lim tashkiloti bitiruvchilarning amaliyotini tashkil qilishda o‘z zimmasiga quyidagi majburiyatlarni oladi:

korxona (tashkilot) bilan hamkorlikda bitiruvchilar amaliyotini tashkil etish bo‘yicha shartnomani platformada rasmiylashtirish;

korxona (tashkilot)ga amaliyot o‘tash uchun yuboriladigan bitiruvchilar tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni amaliyot boshlanishidan kamida bir hafta oldin platformaga kiritish;

platforma orqali bitiruvchilarni amaliyotda qatnashishining kunlik davomatini hamda faoliyati va samaradorligi baholanishini monitoring qilish;

bitiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni platformaga kiritish huquqiga ega bo‘ladi.

Platformaga ma’lumotlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri kiritilishiga ta’lim tashkilotlarining birinchi rahbarlari hamda korxona (tashkilot) rahbarlari mas’ul hisoblanadi.

Barcha sohada bo‘lgani kabi ushbu sohaning ham raqamlashtirilishi oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ish bilan real ta’minlanishiga xizmat qiladi. 

 

Nurobod tuman adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish

markazi  bosh yuriskonsulti 
F.Tilavov

Teglar
- -