SUD BINOSIDA “OCHIQ ESHIKLAR” KUNI O'TKAZILDI
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudida fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning huquqiy bilimini oshirish, sud hokimiyati faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Ochiq eshiklar” kuni tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi Sh.Xasanov, tergov sudyasi M.Omonov, fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi S.Kuliyevlar ishtirok etishdi.
Uchrashuv doirasida tumanimizdagi 2-umumta’lim maktabi o‘quvchilari sud binosida bo'lib, sud tizimining kundalik faoliyati, sud majlislari tartibi, sudyalar zimmasidagi mas’uliyat hamda odil sudlovning ahamiyati bilan yaqindan tanishdilar.
O‘quvchi-yoshlar sud jarayonida bevosita ishtirok etib, sud majlisining qanday o‘tishi, protsessual talablar va sud etikasining o‘ziga xos jihatlarini kuzatishdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoyishi mazmun-mohiyati keng tushuntirib berildi. Shuningdek, Bosh qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining huquqiy-demokratik davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi beqiyos o‘rni alohida ta’kidlandi.




