“Sarikul Mega Agro” – qishloq xo'jaligi sohasi rivojida yangi bosqichni boshlab beradi
Yurtimizda qishloq xo‘jaligi sohasini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Ana shunday yirik tashabbuslardan biri — Nurobod tumanining Sarikul mahallasida faoliyat yuritayotgan “Sarikul Mega Agro” MCHJ hisoblanadi.
Bugun Nurobod tumani hokimi Maxsud Buranov tumanning Sarikul mahallasida joylashgan “Sarikul Mega Agro” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan yirik agro-loyiha bilan yaqindan tanishdi.
Bugungi kunda MChJga Sarikul mahallasi hududidan jami 1440 gektar yer maydoni ajratilgan bo'lib, shundan 700 gektar maydoniga kartoshka, qolgan 740 gektariga esa boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekilishi rejalashtirilgan.
Innovatsion yondashuvlarga katta e’tibor qaratilib, yer maydonlarining 400 gektarida tomchilatib, 1000 gektarida esa yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilmoqda. Bu esa suvdan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Agroloyiha doirasida 20 ming tonna sig‘imga ega muzlatkichli omborxonalar qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu mahsulotlarni saqlash va eksportga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda korxonada 20 nafar doimiy va 100 nafar mavsumiy yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Korxona tomonidan yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari ichki bozordan tashqari Rossiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Pokiston, Eron va Turkiya davlatlariga eksport qilinishi rejalashtirilgan.
“Sarikul Mega Agro” MChJ — nafaqat bugungi kun, balki kelajak uchun poydevor bo‘la oladigan, yurtimiz agrar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shayotgan muhim loyihalardan biridir.