Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Nurobod tumani Ittifoq mahallasi hududida joylashgan “Toir chorvasi” fermer xo‘jaligining soliq qarzdorligi sababli maxsus texnikalarining noqonuniy olib ketilganligi, “Nurli Bo‘ston” sihatgohining tadbirkorlik faoliyatiga xalaqit berilib, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlaridan noqonuniy uzib qo‘yilganligi hamda Yangi hayot guzarida maktabgacha va maktab ta’limi uchun sharoitlar yo‘qligi aytilgan video murojaatlar tarqaldi.
Mazkur holatlarni o‘rganish maqsadida Nurobod tumani hokimligi tomonidan tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari olib borilib, quyidagilar aniqlandi:
Samarqand viloyat soliq boshqarmasining qaroriga asosan “Toir chorvasi” fermer xo‘jaligining 100 mln 709 ming so‘m soliq qarzdorligini hamda Pastdarg‘om tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga asosan 5 mln 502 ming so‘m davlat bojlarini undirish bo‘yicha Majburiy ijro byurosining Nurobod tuman bo‘limiga yuborilgan jami 106 mln 211 ming so‘m qarzdorliklarini undirish bilan bog‘liq ijro varaqalariga asosan ijro ishi qo‘zg‘atilib, ijro ishlari yuritilgan.
Qarzdor xo‘jalik rahbariga bir necha bor o‘z vaqtida qarzdorliklarni bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirishlar berilgan, biroq belgilangan tartibda to‘lov amalga oshirilmagan. Shu sababli amaldagi qonunchilik talablari asosida xo‘jalikka tegishli 2019-yilda ishlab chiqarilgan 30EA617 davlat raqam belgili “Belarus-82.1” rusumli traktor xatlanib, qarzdorlikni undirish maqsadida jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Bundan tashqari, ijtimoy tarmoqlarga chiqayotgan Rasulov Abduraxim Jumanovich (mahalliy aholi tomonidan Turkman rais nomi bilan tanilgan) o‘zi norasmiy rahbarlik qilib kelayotgan "Sirojiddin dalasidagi chorva" fermer xo‘jaligining 916 mln. 481 ming so‘mlik, “Qilichli Nurli Ishonchi” XKning 468 mln. 458 ming so‘mlik, ”Omad” fermer xo‘jaligining 326 mln. 955 ming so‘mlik, “Odil Usmonov Quvonchi” MCHJning 195 mln. 818 ming so‘mlik, jami 169 ta ijro ishlari bo‘yicha MCHJlar va fermer xo‘jaliklarining 2 mlrd. 013 mln. 204 ming so‘mlik soliq qarzdorliklarini to‘lashi haqida Nurobod tuman MIBga 25 marotaba taklif qilinib, to‘lashi tushuntirilishiga qaramasdan to‘lashdan bo‘yin tovlab kelmoqda.
Videomurojaatda keltirilgan 100 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rganilganda "yashirin iqtisodiyot"ga yo'l qo'yib, Mongoliya davlatidan keltirilgan 5 ming dona mayda shoxli chorva mollari bilan shug‘ullanuvchi “Samarqand Nurobod gusht sut” MChJda rasmiy ravishda atigi 2 nafar ishlovchi xodimlar ko‘rsatilgan.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida videomurojaatda keltirilgan tuman markazida joylashgan “Nurli Bo‘ston” sihatgohining tabiiy gaz va elektr energiyasidan uzib qo‘yilganligi to‘g‘risidagi vajlari asossiz bo‘lib, sihatgoh tabiiy gaz va elektr energiyasidan uzib qo‘yilmaganligi ma‘lum bo‘ldi.
Videolavhada keltirilgan Ittifoq mahallasi tarkibiga kiruvchi Yangi hayot guzariga 2000-yillar boshida Olg‘a va Tim qishloqlari fuqarolari ko‘chib kela boshlagan. Bugungi kunda Yangi hayot guzaridagi 27 ta xonadonlarda 153 ta aholi istiqomat qilib kelmoqda.
Yangi hayot guzarida 32-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining filiali tashkil etilgan bo‘lib, boshlang‘ich sinf yoshidagi 12 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda. Guzardagi 26 nafar yuqori sinf o‘quvchilari esa 2-2,5 kilometr masofada joylashgan Toshquduq qishlog‘idagi 32-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilaridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston — 2030" strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida farmoniga asosan, Nurobod tumanining olis va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi o‘quvchi-yoshlarni maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim maktablariga doimiy olib borish maqsadida 22 ta avtobuslar qatnovi yo'lga qo'yilishi rejalashtirilgan bo'lib, Yangi hayot guzarida istiqomat qiluvchi tarbiyalanuvchi va o'quvchilar uchun ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilganligini ma’lum qilmiz.




