RASMIY MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan Nurobod tumani Sazag‘on massivi hududida joylashgan “Temurjon bog‘lari mevasi” MCHJga tegishli bog‘lar noqonuniy tarzda buzib tashlanayotgani haqidagi videolavhalar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
2020-yil 29-iyundagi Nurobod tumani hokimining qaroriga asosan, tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 99,98 gektar yer maydoni yong‘oqchilik yo‘nalishini rivojlantirish maqsadida “Temurjon bog‘lari mevasi” MCHJga 28 yil muddatga ijaraga ajratib berilgan.
Shunga qaramasdan, MCHJ tomonidan ajratilgan yer maydonlaridan ijara shartnomasida belgilangan yong‘oqchilik yo‘nalishiga rioya qilinmagan. Xususan, 53,5 gektar yer maydoniga behi va boshqa daraxt ko‘chatlari ekilgan bo‘lib, ular qarovsiz qoldirilgani sababli qurib ketgan. Qolgan 46,48 gektar yer maydonlari esa umuman foydalanilmay, yaroqsiz holga kelgan. Shuningdek, MCHJ 2021–2024-yillar davomida yer solig‘ini ham to‘lamagan.
Mazkur holatlar sababli 2025-yil 14-yanvar kuni Nurobod tumani hokimligi “Temurjon bog‘lari mevasi” MCHJ bilan tuzilgan ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish yuzasidan Pastdarg‘om tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilgan.
Sudning 2025-yil 13-martdagi hal qiluv qaroriga asosan hokimlikning da’vosi qanoatlantirilib, ijara shartnomasi bekor qilingan. Ushbu qaror keyinchalik Samarqand viloyat sudi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ham o‘z kuchida qoldirilgan.
Sud qaroriga muvofiq, yer maydoni Nurobod tumani hokimligi balansiga qaytarilib, 28 gektar yer maydoni qonunchilikka muvofiq bog‘dorchilik tashkil etish uchun “ELEKTRON-ONLAYN AUKSION” orqali savdoga chiqarilgan.
2025-yil 16-sentabr kuni o‘tkazilgan auksion natijalariga ko‘ra, tadbirkor Rozikov Shahram Hamzayevich g‘olib deb topilib, bog‘dorchilik tashkil etish uchun “YU-1293479”-sonli bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Bugungi kunda tadbirkor Rozikov Shahram Hamzayevich mazkur yer maydonida yangi bog‘ barpo etish maqsadida hududni o‘rash, yerga ishlov berish va agrotexnik tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “bog‘lar noqonuniy buzilmoqda” mazmunidagi xabarlar asossiz bo‘lib, mazkur ishlar sud qarorlari va amaldagi qonun hujjatlariga to‘liq muvofiq tarzda olib borilmoqda.
Nurobod tumani hokimligi Axborot xizmati




