insurez
24-06-2025 18:52

POMIDOR KUYASI- HOSIL ZARARKUNANDASI


Jahonda  oziq-ovqat mahsuloti sifatida pomidor ekini dunyoning 100 dan ortiq  mamlakatlarida etishtirilib, dunyo aholisining oziq–ovqatga bo‘lgan  talabini ma’lum darajada qondirmoqda. Pomidor o‘simligi inson hayotida  katta ahamiyatga ega bo‘lib, oziq–ovqat ratsionida muhim o‘rin tutadi.  Aholini bu mahsulotlar bilan yil davomida uzluksiz ta’minlash uchun  ularning hosilini kasallik va zararkunandalardan samarali himoya  qilishning usul va vositalarini izlab topish muhim ahamiyat kasb etadi.  Pomidor Respublikamizning barcha viloyat, tumanlari fermer  xo‘jaliklarida va aholining shaxsiy tomorqalarida yetishtiriladi. Bu  ekinda turli xil kasallik va zararkunandalar ko‘p miqdorda uchraydi va  katta zarar keltiradi.


Dunyoda bugungi kunda issiqxona sharoitida pomidor ekinini bir necha turdagi zararkunandalar zararlab, hosil miqdorini kamaytirib, uning sifatini buzmoqda. Bunday zararkunandalarga pomidor kuyasi (Tuta absoluta Meyr.) ni olish mumkin. Shuning  uchun bu zararkunandalarning biologik rivojlanish xususiyatlarini va  zararini o‘rganib, zararkunandalarga qarshi olib  boriladigan kurash choralarini ilmiy asoslab, iqtisodiy tejamkor va  atrof–muhitga kam zaxarli usul va vositalar majmuini yaratish talab  etiladi.


Respublikamizda pomidor ekinini etishtirishda zararkunandalardan  himoya qilish tizimini takomillashtirish asosida ekin hosilini saqlab  qolish muhimdir. Pomidor ekinini etishtirishda zararkunanda va  kasalliklarning zarari ta’sirida umumiy hosilning ko‘p qismi 10% dan  90% gacha yo‘qotilishi mumkin. Shu sababli mamlakatimizda oziq-ovqat  xavfsizligini ta’minlash, jahon bozorida o‘z o‘rniga ega ilmiy asoslangan  texnologiya va vositalar asosida mahsulotlarni etishtirish muhim ahamiyat kasb etadi.


Pomidorning eng xavfli zararkunandasi Pomidor kuyasi asosan pomidorning bargi, mevasi, o‘suv nuqtalari, idiz bo‘g‘izlari va barra shoxchalari bilan oziqlanib, zarar etkazadi. Kurash tadbirlari o‘z vaqtida o‘tkazilmasa, 50-60 foiz va undan ham ko‘proq pomidor hosiliga zarar yetkazadi. Boshqa ituzumdosh ekinlar (kartoshka, tamaki, baqlajon, qalampir) va begona (bangidevona, fizalis, ituzum, mingdevona, belladonna va boshqa) o‘tlar bilan ham oziqlanadi. Issiqxonalarda va ochiq dalalarda ekilgan pomidorni butun o‘suv davrida zararlaydi. Kuya qurtlik (lichinka) bosqichida zarar etkazadi. Bu bosqich 12-15 kunda yakunlanadi. Ozuqa yetarli bo‘lsa qurtlari diapauzaga kirmaydi. Qurtlari barg va poya to‘qimalari bilan oziqlanib, o‘ziga xos katta, noto‘g‘ri shaklli dog‘larni g‘ovaklarni hosil qiladi. Gʻovaklar orqali o‘simlik to‘qimalariga har xil mikroorganizmlar, ko‘pincha zamburug‘lar kirib, barglar va mevalar chirishi va mog‘orlashiga olib keladi. Mevalar o‘suv davrida yoki saqlash paytida chirib ketishiga olib keladi.


Pomidor kuyasining kapalagi kechalari uchadi, kunduzlari barglar orasida yashirinib oladi. Kuyaning urg‘ochi zoti bir yilda jami 300 tagacha (o‘rtacha 260 ta) tuxum qo‘yadi. Odatda tuxum qo‘ygandan keyin 4-7 kundan so‘ng undan lichinkasi (qurti) chiqadi. Pomidor tuxumlarining taxminan 73% ni barglarga, 21% ni barg tomirchalari va poyalarga, 5% ni gulkosabarglarga va 1% ni mevalarga qo‘yadi. Qurti endi chiqqanida oqish-sarg‘ish tusli, uzunligi 0,5 mm, boshi qora, 2-4-yoshlarida nimrang yoki sarg‘ish-yashil tusga kiradi, 4-15 (o‘rtacha 8) kun yashaydi va bu vaqtda 4-yosh o‘tadi. Etilgan lichinkaning uzunligi 8-9 mm, u ipak o‘rab, g‘umbaklanadi. Gʻumbaklanishi tuproqda yoki o‘simlik qoldiqlari orasida, ba’zan zararlangan va o‘ralgan barglar ustida ipaksimon pilla ichida 10 kun davomida o‘tadi. Barglarda g‘ovak ichida ham g‘umbaklanishi mumkin.


Zararkunanda tuxum, g‘umbak yoki etuk zot shaklida qishlashi mumkin. Kuya rivojlanishi uchun eng past harorat 9°S, eng qulay 20-27°S. Bir avlodning umri 30-35 kunda, qulay haroratda 24 kunda, 14°S da 76 kunda yakunlanadi.

 

So‘ngi yillarda dunyoda pomidor o‘simligi zararkunandalariga qarshi  kurashda bir qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha izlanishlar davom etmoqda,  jumladan: pomidorda uchraydigan adventiv tur zararkunandalarning  bioyekologiyasi, rivojlanish xususiyatlari, ularning ko‘payish omillariga  doir tadqiqotlar bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash; ekologik xavfsiz bo‘lgan  mikrobiologik preparatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish va  keng joriy etish; turli guruhga mansub zamonaviy kimyoviy  insektitsidlarning biologik samaradorligini aniqlash; sabzavot  zararkunandalariga qarshi kurashda uyg‘unlashgan kurash tizimini  takomillashtirish hamda ishlab chiqarishga keng tadbiq etish kabilardan iborat.


Qarshi kurash usullari Feromon tutqichlardan monitoring maqsadida qo‘llanilganda, Tutasan feromon tuzoqlarida 5-6 dona kapalaklar ko‘rilganda kimyoviy ishlov berilishi kerak.
Kimyoviy usulni ishlatish pomidor ko‘chatlari ekilishidan oldin ko‘chatlar imidakloprit ta`sir etuvchi moddasi (Avalanchi, Gaucho ) bilan suvli eritma tayyorlab olib ko‘chat ildizlari botirib olinadi,bu qilingan tadbir pomidor ildizidan tanasiga singdiriladi va kuyani zararidan 10-12 kun saqlaydi. Zararkunanda kapalaklarini nisbatan oddiy (arzon) preparatlar (Atilla, Sipermetrin, Karbafos va. x) yordamida qirib tashlasa bo‘ladi.Ammo o‘simlikda zararkunandaning qurtlari paydo bo‘lsa (barg orasidagi qurtni o‘ldirish qiyin), eng samarali boshqa zamonaviy dorilarni ishlatish tavsiya etiladi, Takumi, Kapito, Koragen preparatlari bilan ishlov har 10-12 kunda amalga oshiriladi.


Tumanimizda pomidor maxsulotini doimiy yetishtiruvchi turtta issikxona mavjud, bundan tashkari deyarli barcha xujalik va axoli xonadonlarida ushbu maxsulot keng kulamda yetishtiriladi. Bizning tuman bulimimiz muttaxasis inspektorlari doimiy ravishda pamidor yetishtirilayetgan ekin maydonlarini nazoratdan utkazib, dexkon va fermerlarga uzlarining soxaviy tavsiyalarini berib borishmokda.


Xurmatli fukarolar ekin maydonlaringizda uchragan zararkunanda va kasallik, ularga karshi kurash choralari buyicha bizning tuman bulimi muttaxasislariga doimiy murojaat kiling.  Play market ilovasidan  ’agroko’makchi’ ilovasini yuklab oling.

 

G.Boymurodov, K. Ergashev,

Nurobod tumani bo‘limi O‘simliklar karantini  ximoyasi davlat inspektorlari

Teglar
- -