insurez
26-06-2025 12:12

O‘ZBOSHIMCHALIKNING OQIBATI...


O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 212-moddasi 1-qismiga ko‘ra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
Ushbu modda 2-qismida, o‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga – sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emasligi belgilangan.
Mazkur moddaning 3-qismiga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzdirish haqidagi nizolar barcha sudlarda, shu jumladan fuqarolik ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudida ham anchagina ko‘paygan.
Sudda 2024 yil 6 oyi davomida o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni buzdirish bilan bog‘liq da’vo arizalar yuzasidan 47 ta fuqarolik ishi ko‘rilib, shundan 39 tasi yoki 83 foizi qanoatlantirilgan, 1 tasi yoki 2 foizi rad qilingan, 7 tasi yoki 15 foizi ko‘rmasdan qoldirilgan.
Joriy yilning 6 oyi davomida esa bu toifadagi da’vo arizalar bo‘yicha 117 ta fuqarolik ishi mazmunan ko‘rib chiqilib, 99 tasi yoki 85 foizi qanoatlantirilgan, 2 tasi yoki 1,7 foizi rad qilingan, ya’ni bu toifadagi ishlar soni keskin oshgan. 
2024 yil 6 oyi davomida va 2025 yil 6 oyida ko‘rilgan jami 164 ta fuqarolik ishi bo‘yicha da’volarning  151 tasi yoki 92 foizi kadastr agentligi, 13 tasi yoki 8 foizi boshqa da’vogarlar tomonidan berilgan.
Bugungi kunda o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarning aksariyat qismini yashash uchun mo‘ljallangan uy-joylar tashkil qilmoqda, ushbu uy-joylarni qurgan fuqarolar Kadastr agentligi tomonidan ma’muriy jarimaga tortilsada, o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar va boshqa qurilmalarni o‘z xohishlari bilan buzmayotganligi hammani tashvishga solmoqda.
Bundan nizolarni kamaytirish va oldini olish uchun faqatgina yerdan foydalanishni nazorat qiluvchi organ – kadastr agentligi emas, balki prokuratura, ichki ishlar organlari, profilaktika inspektorlari va mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari yerga oid qonunchilikning mazmun-mohiyatini hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalar taqdiri haqida yetarlicha targ‘ibot ishlarini olib borishlari lozim bo‘ladi.

 

S.Kuliyev,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudi raisi

Teglar
- -