O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksiga yangi moddalar kiritildi
O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 21 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1003-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksiga quyidagi yangi moddalar kiritildi.
Jumladan:
2011-modda. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsiga, surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga elektron ma’lumotlarni o‘z tashabbusi bilan taqdim etish.
Fuqarolar, shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari o‘z tasarrufida bo‘lgan elektron ma’lumotlarni tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsiga, surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga o‘z tashabbusi bilan taqdim etishga haqli.
2041-modda. Elektron ma’lumotlar.
Elektron ma’lumotlar elektron qurilmalardan va axborot tizimlaridan, shuningdek axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan, ishlov beriladigan hamda saqlanadigan ma’lumotlardir.
Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar elektron ma’lumotlarni ushbu ma’lumotlarning ko‘chirma nusxasini elektron jismdan elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan boshqa elektron jismga olish orqali taqdim etishga haqli.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud taqdim etilgan elektron ma’lumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib oladi hamda elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan birlamchi elektron jismlarni ko‘zdan kechiradi.
Ish uchun ahamiyatga ega bo‘lmagan elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron jismlar egalariga darhol qaytarib beriladi.
2042-modda. Raqamli dalillar.
Ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron ma’lumotlar, shu jumladan elektron tarzdagi fayllar, audio-, videoyozuvlar, Internet jahon axborot tarmog‘ida saqlanayotgan ma’lumotlar, shuningdek boshqa elektron ma’lumotlar raqamli dalillardir.
Raqamli dalildan ko‘chirma nusxa olishga, basharti uning yaxlitligi va aynan o‘xshashligi saqlansa, yo‘l qo‘yiladi.
Raqamli dalildan ko‘chirma nusxa olishga yo‘l qo‘yilishi o‘zidan mazkur ko‘chirma nusxa olingan raqamli dalilning asli mavjudligi bilan ta’minlanadi.
Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar raqamli dalillarning ko‘chirma nusxalarini qog‘ozda chop etilgan shaklda taqdim etish huquqiga ega.
Bunda raqamli dalilning qog‘ozdagi shakli yozma dalil deb hisoblanishi mumkin emas.
Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov va sud jarayonida tuzilgan protsessual bayonnomalarga ilova qilingan, elektron ma’lumotlar tarzida shakllantirilgan audio-, videoyozuvlar ham raqamli dalillar hisoblanadi.
Raqamli dalilning ko‘chirma nusxasi ish materiallari bilan birga saqlanadi”.
J.Arslanov,
jinoyat ishlari bo'yicha Nurobod tuman sudining raisi