Oilaviy zo‘ravonlik!
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 592-moddasida Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikda ifodalangan huquqbuzarlik harakati uchun javobgarlik masalasi belgilab qo‘yilgan.
Mazkur moddaning 1-qismida, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmasa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi; moddaning 2-qismida, xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki bolani, shuningdek umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash, ushbu shaxslarga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi JKning 1261-moddasi 1-qismiga ko‘ra, shaxs tomonidan MJtKning 592-moddasida nazarda tutilgan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikda ifodalangan huquqbuzarlik harakatini sodir etilgani uchun sud tomonidan ma’muriy jazo qo‘llanilgan taqdirda, mazkur huquqbuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilsa jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi belgilangan.
Ayni vaqtda Respublikada mazkur toifadagi huquqbuzarlik holati statistik ma’lumotlarga asosan yildan yilga oshib bormoqda.
Xususan, Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudi tomonidan 2025 yil 24 iyul kuni B.M.ga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish mazmunan ko‘rib chiqildi.
Ish holatlariga ko‘ra, huquqbuzar B.M. 2025 yil 18 iyul kuni soat 22:00 larda, Nurobod tumani, “Navro‘z” MFY hududidagi yashash uyida, o‘zaro kelishmovchilik natijasida turmush o‘rtog‘i Sh.Uga tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazib, uni urib, unga yengil tan jarohati yetkazib, oilaviy zo‘ravonlik sodir qilganligi sababli, unga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Huquqbuzar B.M.ning mazkur huquqbuzarlikni sodir etganlikdagi aybi o‘zining sud majlisidagi aybiga iqrorlik bildirib bergan ko‘rsatuvi, jabrlanuvchining ko‘rsatuvi, tushuntirish xatlari, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma, STE xulosasi, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qaror hamda ishda to‘plangan boshqa ob’yektiv dalillar yig‘indisi bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topgan.
Sud, huquqbuzar B.M. tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikning ijtimoiy xavflilik darajasi, jabrlanuvchining da’vosi borligi va ishdagi boshqa holatlarni inobatga olib, uni qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek, yangi huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish maqsadida, B.M.ni O‘zbekiston Respublikasi MjtKning 592-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topib, unga 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosini tayinladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Nurobod tuman sudining
tergov sudyasi: M.Omonov.