insurez
29-01-2025 14:57

Odam savdosi — davr muammosi


Bugungi kunda global muammoga aylangan odam savdosiga qarshi kurash 
nafaqat mahalliy, balki xalqaro darajadagi inson huquq va erkinlarini 
ta’minlashdagi asosiy masalalardan biridir.

Achinarlisi, ushbu illatni oldini olishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy targ‘ibot tadbirlari olib borilishiga qaramay, millionlab insonlar odam savdosi qurboniga aylanmoqda.


Mazkur jinoyatning rivojlanishiga sabab, fuqarolarning xorijga borish va mehnat qilishning tartib-qoidalari xususida yetarlicha huquqiy ma’lumotlarga ega bo‘lmasligi ham ayni kunda 
firibgarlar tuzog‘iga ilinib qolishiga zamin yaratmoqda.


Shuni ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda ham odam savdosini oldini 
olish va unga qarshi kurashish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.


Xususan, O‘zbekiston 2003-yil 1-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 
tomonidan 1950-yilda qabul qilingan “Odam savdosi va fohishalikning 
uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi 
Konvensiyaga qo‘shildi hamda 2008-yilning 17-aprelida “Odam savdosiga 
qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, 2020-yil 17 avgust 
kuni mazkur qonunning yangi tahriri joriy etildi.
 
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat 
Mirziyoyevning 2019-yil 30-iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga 
qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan Odam savdosiga qarshi kurashish 
bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy 
mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-fevraldagi “Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajadagi qayta yo‘naltirish tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 60-sonli va 2008-yil 5 -noyabrdagi “Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha Respublika 
reabilitatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi 240-sonli qarorlari 
asosida jabrlanganlarga tibbiy, psixologik, ijtimoiy va huquqiy yordamlar ko‘rsatilishi bo‘yicha milliy tizim belgilandi.
 
Odam savdosiga faqatgina O‘zbekiston Respublikasining muammosi sifatida qarashimiz noto‘g‘ri bo‘ladi, chunki hozirgi kunda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘plab mamlakatlarda keng tarqalib butun dunyo hamjamiyatini xavotirga solmoqda.

 

J.Arslanov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudi raisi                            

Teglar
- -