Nurobodning yangi qiyofasi: Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi yordamida “yashil va aqlli zamin” sari qadam
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot Dasturi, Adliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlik amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida Nurobod tumanining zamonaviy master-rejasini ishlab chiqish ishlari boshlandi.
Bugun Nurobod tumanida hokim M.Buranov, Yevropa Ittifoqi hamda BMT Taraqqiyot dasturi vakillari, korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida master-reja bo‘yicha dastlabki natijalar, takomillashtirish yo‘nalishlari hamda mahallalarda olib borilayotgan o‘rganishlar muhokama qilindi.
Master reja tumanning 3 ta hududidagi 200 gektarga yaqin hududni rivojlantirishning batafsil rejasini o‘z ichiga oladi.
Jumladan, Nurobod tumani markazidagi ko‘lni zamonaviy dam olish maskaniga aylantirish rejasi ishlab chiqiladi. Ikkinchi manzil Nurbuloq shaharchasidagi mavjud sanatoriylarning infrastrukturasi modernizatsiya qilinadi va ilg‘or chet eldagi andazalar darajasidagi kurort shaharchaga aylantirish maqsad qilinmoqda.
Oqsoy hamda Mehnatkash mahallalaridagi tog‘ va tog‘ oldi hududlarda turizm ob’yektlarini yo‘lga qo‘yish, jumladan “Hazrati Dovud” ziyoratgohi hududidagi yo‘llar, mehmonxonalar va turizim uchun zarur bo‘lgan ob’yektlarning zamonvaiy qiyofasi ishlab chiqiladi.
Loyiha ishlab chiqish jarayonida mahalliy aholi – jumladan, ayollar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va tadbirkorlar fikr-mulohazalari inobatga olinadi. Bunday inklyuziv yondashuv loyihaning fuqarolar ehtiyojlariga to‘liq mos bo‘lishini ta’minlaydi.
Nurobod tumani tabiiy resurslari, mehnat salohiyati va geografik joylashuvi bilan barqaror rivojlanish uchun katta imkoniyatlarga ega hudud. Yangi master-reja ushbu imkoniyatlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Ayni paytda mahallalarda amalga oshiriladigan ishlar o‘rganilib, aholi va tadbirkorlar bilan suhbatlar va so‘rovlar olib borilmoqda.




