Nurobodlik frontorti faxriylariga "Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi" esdalik yubiley medallari topshirilmoqda
Bugun Nurobod tumanida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bir qator ezgu tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu sana Vatan ravnaqi, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimizni yod etish, ularning jasoratiga hurmat bajo keltirish kuni sifatida alohida e'tiborlidir.
Tuman hokimi M.Buranov tumandagi frontorti qahramonlari xonadonlariga tashrif buyurib, ularning holidan xabar oldi, samimiy suhbat qurdi hamda esdalik sovg‘alari ulashdi.
Jumladan, Nurbuloq mahallasida istiqomat qilayotgan Raisa momo To'xtayeva va Xalqobod mahallasidag Bozor momo To'lanovalarga "Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi" esdalik yubiley medali hamda 3 million so‘m pul mukofoti topshirildi.
Ushbu e’tibor va hurmat ularning ko‘zlarida quvonch yoshlarini uyg‘otib, el-yurt farovonligi va tinchligimiz abadiy bo'lishini so'rab duoga qo'l ochishdi.
Ayni vaqtda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tumandagi maktablarda, mahallalarda, turli tashkilot va idoralarda madaniy-ma'rifiy tadbirlar, faxriylar bilan uchrashuvlar tashkil qilinib, yoshlarimizga Vatan tinchligining qadr-qimmati, bu yo'lda qahramonlik ko'rsatgan ajdodlarimiz xotirasi yana bir bor yodga solinmoqda.