Nurobodda yoshlar uchun oilaviy hayotga tayyorlov mashg‘uloti o‘tkazildi
Nurobod tumanida oila qurayotgan yoshlarni oilaviy hayotga puxta tayyorlash maqsadida navbatdagi o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Tadbir tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi hamkorligida o‘tkazildi.
Mashg‘ulot davomida yoshlar milliy va umuminsoniy qadriyatlar, oilaviy munosabatlar madaniyati, reproduktiv salomatlik, ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘yicha zarur bilimlar bilan tanishtirildi. Ishtirokchilar bilan savol-javoblar, fikr almashuvlar o‘tkazilib, oilada sog‘lom muloqot va hamjihatlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Mutaxassislar nikoh shartnomasining mazmun-mohiyati, nikoh guvohnomasidan farqi, shartnomaning shakli va qonuniy kuchga kirish tartibi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berdi.
Shu bilan birga, mashg‘ulotda yoshlar bilan to‘y marosimlarini ixcham o‘tkazish, isrofgarchilikning oldini olish, oilada kitobxonlik madaniyatini shakllantirish kabi masalalar bo‘yicha amaliy tavsiyalar ham berildi.
Mashg‘ulot yakunida ishtirokchilarning bilimlari sinovdan o‘tkazilib, dastur talablarini muvaffaqiyatli bajargan yosh oila quruvchi juftliklarga maxsus sertifikatlar topshirildi.




