Nurobodda o‘zbek tili qoidalariga rioya qilinmagan reklama bannerlari olib tashlandi
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida” Qonuni va Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Nurobod tumani hokimligi mas’ullari tomonidan hududlarda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Bugun tuman hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili hujjatlariga rioya etilishi bo‘yicha maslahatchisi I.Haqqulova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari T.Xushmuratov ishtirokida A-378 xalqaro magistral yo‘lining Nurobod tumanidan o‘tuvchi qismida tadbirkorlar tomonidan reklama o‘rnatish qoidalariga amal qilinishi o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida o‘zbek tili me’yorlariga rioya qilinmagan, imlo xatolari mavjud bo‘lgan va qonun talablariga zid bir qator tashqi reklama bannerlari aniqlanib, tegishli tushuntirishlar berildi hamda mazkur bannerlar joyidan olib tashlandi.
Nurobod tumanida davlat tili nufuzini oshirish va tashqi reklamalarda til me’yorlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha profilaktik va nazorat tadbirlari muntazam ravishda davom ettirilmoqda.




