insurez
19-01-2026 21:09

Nurobod tumanining tog‘li hududlarida qish mavsumining sovuq kunlariga ko'rilgan tayyorgarlik holati o‘rganildi


Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranov hamda tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i S.Sharipov tuman hududidagi eng olis va tog‘li mahallalar — Omondara, Tegirmonboshi hamda Girdiqo‘rg‘on mahallalarida bo'lib, aholi turmush tarzi va kayfiyati bilan yaqindan tanishdi.

O'rganishlar davomida ushbu hududlardagi barcha ijtimoiy soha obyektlarining, xususan ta’lim, tibbiyot va boshqa muhim infratuzilma obyektlarining qish mavsumiga tayyorgarlik holati atroflicha o‘rganildi.
Shuningdek, mahallalararo va ichki yo‘l infratuzilmasi ko‘zdan kechirilib, qish mavsumida aholining xavfsiz va uzluksiz harakatlanishini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Tuman rahbari tomonidan mahallalarda joylashgan umumta’lim maktablari faoliyati alohida o‘rganildi.
Maktablarda o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, sinf xonalari va yordamchi binolarning holati, qish mavsumida isitish tizimlarining sozligi, yoqilg‘i zaxiralari mavjudligi va xavfsizlik talablariga rioya etilishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘rganishlar davomida aholi xonadonlariga ham tashrif buyurilib, fuqarolarning daromad manbalari, yashash sharoitlari hamda qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi.
Aholini qiynayotgan muammolar, ularning taklif va tashabbuslari, bildirgan fikr-mulohazalari tinglandi.

Tuman hokimi tomonidan aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, qish mavsumini betalofot va muammosiz o‘tkazish bo'yicha topshiriqlar berilib,  aniqlangan muammo va kamchiliklarni ijobiy hal etish bo'yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Teglar
- -