insurez
19-01-2026 21:28

Nurobod tumanining Jom tog‘larida qishki turizmni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha drayver loyihalar muhokama qilindi


Nurobod tumani hududida turizm salohiyatidan samarali foydalanish, ayniqsa qish mavsumida ham daromad keltiradigan yo‘nalishlarni shakllantirish maqsadida Jom qishlog'ida kengaytirilgan muhokama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Nurobod tumani hokimi M.Buranov, tuman IIB boshlig‘i S.Sharipov, tumandagi korxona va tashkilot rahbarlari, tegishli mas’ullar hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda Jom tog‘lari hududida xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun qishki turizmni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish, mavsumiy turizmni yil davomida ishlaydigan iqtisodiy yo‘nalishga aylantirish, hududning tabiiy va iqlimiy afzalliklaridan unumli foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida qish mavsumida ham faol ishlaydigan turizm yo‘nalishlarini tashkil etish, ko‘ngilochar turizm maskanlari va dam olish zonalarini yaratish, tog‘ yonbag‘irlarida qulay infratuzilma barpo etish, avtomobillar qatnovini xavfsiz va tartibli tashkil etish, milliy mahsulotlar savdosi, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mehmon uylari masalasi turizm rivojining muhim bo‘g‘ini sifatida qayd etilib, qishki mavsumga mos, qulay va shinam mehmon uylari barpo etish, servis sifati va xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Muhokama jarayonida turizmni rivojlantirish bo‘yicha drayver loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatlari ko‘rib chiqilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Mazkur tashabbuslar hududda yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va Nurobod tumanining turistik jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
 

Teglar
- -