insurez
27-11-2025 09:26

Nurobod tumanidagi volfram majmuasida 400 nafardan ortiq mutaxassis va mahalliy aholi vakillari barqaror ish o‘rni bilan ta’minlanadi


Nurobod tumanidagi Sarikul volfram loyihasi doirasida barpo etilayotgan qayta ishlash majmuasi yiliga 1 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) volfram qiymat zanjirining upstream, midstream va downstream kabi barcha bosqichlarni qamrab olgan integratsiyalashgan sanoat modelini shakllantirmoqda. Upstream yo‘nalishining asosiy tarkibiy qismi sanalgan Sariko‘l volfram koni Samarqand viloyatining Nurobod tumanida joylashgan bo‘lib, loyiha Geologiya va tog‘-kon sanoati vazirligi ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Qayd qilinishicha, loyihaning muhandislik va texnologiya bloklari Avstraliyaning xalqaro darajada tan olingan, ko‘p yillik sanoat tajribasiga ega yetakchi kompaniyalari AMC Consulting Pty Ltd. va NewPro Consulting and Engineering Services Pty Ltd. tomonidan ishlab chiqilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Sariko‘l loyihasi doirasida barpo etilayotgan qayta ishlash majmuasi yiliga 1 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi va jahon standartlariga to‘liq mos tarzda faoliyat yuritadi. Ushbu quvvatlar asosida xalqaro sifat talablariga javob beradigan 65 foizli volfram konsentrati ishlab chiqariladi. Loyihaning yillik mahsulot hajmi 4 ming tonna etib belgilangan. Istiqbolli maydonlar va geologik zaxiralarni inobatga olgan holda konning umumiy ishlash muddati 20 yilgacha baholanmoqda.

Bu yerda nafaqat mineral qazib olinadi, balki mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari, infratuzilma va ijtimoiy barqaror muhit yaratiladi. Loyiha doirasida 400 nafardan ortiq mutaxassis va mahalliy aholi vakillari barqaror ish o‘rni bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaning yana bir muhim yo‘nalishi - ESG (Environmental, Social, Governance) standartlarining to‘liq integratsiyasi. Ayni paytda loyiha doirasida ESG tashabbuslar ishlab chiqilmoqda. ESG yondashuvi faqat ekologiyani muhofaza qilish bilan cheklanmay, balki keng qamrovli barqarorlik standartlarini joriy etishni nazarda tutadi. Shuningdek, kondagi ishlar ochiq va yerosti usullarida olib boriladi. (https://kun.uz/news/2025/11/26/samarqand-viloyatida-volfram-majmuasi-quriladi)

Teglar
- -