insurez
10-07-2025 15:27

Nurobod tumanida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi va yangi loyihalar haqida brifing o‘tkazildi


Joriy yilning birinchi yarmida Nurobod tumanida xorijiy investitsiyalarni jalb etish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Shu munosabat bilan Nurobod tumani hokimining o‘rinbosari – tuman investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Suxrob Mirzoxodjayev ishtirokida matbuot brifingi bo‘lib o‘tdi.

Brifingda ta’kidlanganidek, 2025-yilda tumanda jami 80 million dollarlik xorijiy investitsiyalar va kreditlarni o‘zlashtirish belgilangan. Shu maqsadda birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha 7 ta manzilli loyiha hisobiga sanoat sohasida 30,6 million dollar investitsiya o‘zlashtirildi.

Davlatlar kesimidagi yirik investorlar:

  • Xitoy — 18,1 mln. dollar

  • Rossiya — 6,7 mln. dollar

  • Janubiy Koreya — 4,0 mln. dollar

  • BAA — 1,8 mln. dollar

  • va boshqa davlatlar.

Amalga oshirilgan yirik loyihalar:

 Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda “NANJING CEMENT GROUP” MChJ tomonidan sement zavodi loyihasi doirasida 11,5 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirildi.
 Rossiyaning “SCHELKOVO AGROHIM-O‘ZBEKISTON” MChJ XK tomonidan o‘simliklarni himoyalash vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha 6,7 million dollarlik loyiha ishga tushirildi.
 Janubiy Koreya “SUN EVER GREEN ENERGY” MChJ XK tomonidan quyosh elektr stansiyasini tashkil etish bo‘yicha 4,0 million dollarlik loyiha amalga oshirildi.

Bundan tashqari, Nurobod tumanida umumiy qiymati 472 million dollar bo‘lgan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi Sazag‘on massivida 115,3 gektar maydonda “NEW VISION INVESTMENT DEVELOPMENT” MChJ xorijiy korxonasi tomonidan “Nurobod Texnoparki” maxsus sanoat zonasini tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu texnoparkda 20 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etilib, 3000 nafardan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

Yana bir e’tiborga molik loyiha:

Nurobod tumanida Avstriyaning “LASSELSBERGER” kompaniyasi bilan “SEMIKS” MChJ shaklidagi xorijiy korxona tashkil etilib, umumiy qiymati 113 million dollar bo‘lgan mikrokalsit, quruq va tayyor qurilish materiallari, emulsion bo‘yoqlar, dekorativ va keramogranit plitkalar ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu loyiha doirasida birinchi bosqichda 25 million dollarlik mikrokalsit ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 60 nafardan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Brifing yakunida Suxrob Mirzoxodjayev ushbu loyihalar tuman iqtisodiy salohiyatini oshirish, eksport hajmini kengaytirish va aholining bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Teglar
- -