insurez
04-06-2025 19:29

Nurobod tumanida mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha brifing bo‘lib o‘tdi


Bugun Nurobod tuman hokimligida Mahalla uyushmasi Nurobod tuman bo‘limi boshlig‘i Latif Hamrayev ishtirokida tumanda mahalla institutini rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda ma’lum qilinishicha, tumanda jami 39 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, ularning 3 tasi 3 xonali, 36 tasi esa 4 va undan ortiq xonali, binolari talabga javob beradi.

2024–2025 yillarda mahalla infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha bir qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan:

  • O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Respublikasi mablag‘lari hisobidan Tepaqul MFY uchun yangi sendvich panel asosidagi bino qurilib, 2025-yil fevral oyida foydalanishga topshirildi.

  • Po‘latchi MFY binosi esa Tashabbusli byudjet loyihasi doirasida zamonaviy ikki qavatli bino sifatida barpo etilib, 2025-yil mart oyida ishga tushirildi.

 

Mahallalar moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi

2025-yilda “Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan:

  • 11 ta mahallaga 24,8 mln so‘mlik mebel,

  • 21 ta mahallaga 147,5 mln so‘mlik 21 dona kompyuter jamlanmasi,

  • 36 ta mahallaga 141,4 mln so‘mlik 36 dona xizmat plansheti,

  • 7 ta mahallaga 24,0 mln so‘mlik 8 dona printer,

  • 20 ta mahallaga 171,9 mln so‘mlik 23 dona konditsioner,

  • 7 ta mahallaga 51,3 mln so‘mlik qurilish materiallari,

  • 17 ta mahallaga 356,7 mln so‘mlik quyosh panellari yetkazib berildi.

Shuningdek, PQ-1-sonli qaror ijrosi doirasida 20 ta mahallaga 201,6 mln so‘mlik PTZ kuzatuv kameralarini o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.

 

Infratuzilma va yashil makon

Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida:

  • 3 ta mahallaga 122,3 mln so‘mlik 80 dona beton ustunlar,

  • 4 ta mahallaga 104,8 mln so‘mlik 69 dona tungi yoritgich chiroqlar,

  • 7 ta mahalla va ijtimoiy obyektlarni ta’mirlash uchun 44,1 mln so‘mlik qurilish mollari yetkazildi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida 35 ta mahallada 5 960 dona mevali va manzarali daraxtlar aholiga tarqatildi.

 

Mahallalarda sharoitlar

Tumandagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari to‘liq internet tarmog‘iga ulangan bo‘lib, yettiliklar uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Ishlar tasdiqlangan Ombor daftarlari asosida muntazam olib borilmoqda.

Brifing yakunida Latif Hamrayev Prezident va Hukumat farmonlari ijrosini samarali ta’minlashda mahalla tizimi muhim bo‘g‘in ekanini alohida ta’kidladi.

Teglar
- -