insurez
15-05-2025 14:03

Nurobod tumanida gaz ta'minoti masalalari muhokama qilindi


Bugun Nurobod tumani hokimligi majlislar zalida muhim muhokama yig'ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman hokimi M.Buranov, "Hududgaz Samarqand" gaz ta'minoti filiali direktori A.Muhammadiyev, mahalla faollari hamda tumandagi turli tashkilot va muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishning asosiy mavzusi aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan barqaror ta'minlash masalasiga bag‘ishlandi. So'nggi vaqtlarda ayrim hududlarda kuzatilayotgan uzilishlar, texnik nosozliklar va logistika bilan bog'liq muammolar fuqarolar orasida haqli e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda.

Tuman hokimi M.Buranov ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ko'rilayotganini ta’kidladi:

“Mahallalardan tushayotgan har bir murojaat biz uchun muhim. Aholi farovonligini oshirish yo‘lida barcha mas'ullar birgalikda harakat qilishi lozim”, — dedi tuman rahbari.

Yig‘ilish davomida viloyat gazta'minoti filiali rahbari mavjud muammolar sabablari va ularni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to'g'risida batafsil ma'lumot berdi. 

Shuningdek, mahalla faollari o‘z hududlaridagi holat yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar va takliflar berishdi.

Muhokama yakunida barcha mutasaddilarga aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, gaz ta’minotini izchil va xavfsiz tarzda tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bu kabi muhokamalar, rahbarlar bilan yuzma-yuz uchrashuvlar muammolarning ildiziga yetib borish va ularga amaliy yechimlar topish imkonini beradi.

Teglar
- -