Maktablarda tashkil qilingan ishchi guruh tarkibini o‘zgartirish tartibi qanday?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-sonli qarori bilan tasddiqlangan Nizomda nazarda tutilganidek, pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilash, umumta’lim muassasalari xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam berish umumta’lim muassasalarida tashkil etiladigan ustamalar belgilash, moddiy rag‘batlantirish va moddiy yordam berish bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan amalga oshiriladi.
Ishchi guruh umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi qarori asosida, muassasa direktorining buyrug‘i bilan kamida yetti kishidan iborat toq sonda quyidagi tarkibda tasdiqlanadi:
Ishchi guruhi rahbari — umumta’lim muassasasi direktori;
Ishchi guruh a’zolari — o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi, umumta’lim muassasasi pedagog xodimlari orasidan hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi kuzatuv kengashi va o‘quvchilarning ota-onalaridan vakillar.
Umumta’lim muassasasining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari — Ishchi guruhning mas’ul kotibi hisoblanadi.
Ishchi guruh faoliyatida shaffoflikni ta’minlash maqsadida ushbu ishchi guruh tarkibi har o‘quv yili boshlangunga qadar umumta’lim muassasasi pedagogik kengashi tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda ishchi guruh tarkibidagi umumta’lim muassasasi pedagog xodimlari, umumiy o‘rta ta’lim muassasasi kuzatuv kengashi va ota-onalar vakillari har yili o‘zgartirib borilishi shart.
O‘quv yili tugamasdan, ishchi guruh tarkibidagi xodim vafot etsa, boshqa ishga o‘tsa ishchi guruh tarkibini o‘zgartirish uchun navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish chaqirtirilib, ishchi guruh tarkibi qaytadan tuziladi va ishchi guruh tarkibini o‘zgartirish haqida maktab direktorining buyrug‘I qabul qilinadi.
Faxridin Tilavov,
Nurobod tumani Adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti