Koreyalik investorlar bilan hamkorlik kelishuvlariga erishilmoqda
Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman rahbari M. Buranov va Koreya Respublikasining "Sun Ever Green Energy" kompaniyasi vakillari ishtirokida muzokaralar o'tkazildi.
Mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va hududda yashil energiya sohasini rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam bo'ldi.
Muzokaralar davomida kompaniya tomonidan Sazag'on massividagi 190 gektar yer maydonida quyosh fotoelektr energiyasini ishlab chiqish obyektlarini qurish loyihasi atroflicha muhokama qilindi.
Loyiha amalga oshirilgach, hududda yillik quvvati yuqori bo'lgan quyosh elektrostansiyasi ishga tushirilishi ortidan nafaqat tuman iqtisodiyoti, balki viloyat energetika salohiyatini sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda.
Shuningdek, uchrashuv davomida loyiha doirasida yangi ish o‘rinlarini yaratish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.
Koreyalik investorlar uzoq muddatli va samarali hamkorlikni yo'lga qo'yishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar loyihaning dastlabki bosqichlarini tez fursatda boshlash va zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bo'yicha muhim kelishuvga erishdilar.