insurez
12-10-2025 16:38

Hurmatli mirishkor paxtakorlar, fidoyi dehqonlar!


Siz azizlarning mehnatsevarligingiz, yerga mehr bilan yondashuvingiz, halol va fidokorona mehnatingiz tufayli Nurobod tumani joriy yilda viloyatda birinchilardan bo‘lib paxta topshirish bo‘yicha shartnomaviy rejasini 101 foizga bajardi. 

Bu — sizlarning tinimsiz mehnatingiz, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashganingiz, yer va suvning qadrini bilib, ular bilan tillashganingizning amaliy natijasidir.

2025-yil hosili uchun 35 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 600 gektar yer maydoniga g‘o‘zaning serhosil navlari ekilib, “Samarkand Kamalak Invest” MCHJ hamda “Kattaqurgan Claster” MCHJ klasterlari bilan hamkorlikda 1550 tonna paxta xom ashyosi yetishtirildi. Bu ko‘rsatkich Nurobod dehqonlarining tashabbuskorligi, tashkilotchiligi va birligi natijasidir.

Shuningdek, hosilni nes-nobud qilmasdan, sifatli va qisqa fursatda yig‘ishtirib olish maqsadida tashkil etilgan 10 ta paxta terim otryadlari hamda unda faol ishtirok etgan 1500 nafarga yaqin mehnatkash fuqarolar ham e’tirofga loyiq.

Bugungi yutuqlar — har bir fermer, dehqon, terimchi, suvchi va agronomning fidokorona mehnati mevasi. Sizlarning dalalarda kechayu kunduz qilgan mehnatingiz tufayli tumanda baraka, xalqimiz dasturxonida mo‘l-ko‘lchilik yuzaga kelmoqda.

Aziz dehqonlar! 
Sizlarning bu yutug'ingiz nafaqat tuman, balki viloyatimiz qishloq xo‘jaligi sohasidagi yutuqlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.

Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy farovonlik, dalalaringizda baraka, mehnat faoliyatingizga doimiy zafarlar tilayman.

Hosilingiz mo‘l, turmushingiz farovon bo‘lsin, aziz Nurobod dehqonlari!

Hurmat bilan,

Maxsud Buranov
Nurobod tumani hokimi

Teglar
- -