insurez
17-11-2025 19:02

Cho‘ldan vohaga: Sobirsoy suv omborining tarixi va ahamiyati


#Nurobod_50_yoshda

Cho‘ldan vohaga: Sobirsoy suv omborining tarixi va ahamiyati

Nurobod tumanining tarixini o‘rganishda, keksa avlod vakillari bir necha bor ta’kidlaganidek, bundan bir necha o‘n yil avval tuman markazi va uning atrofi cheksiz cho‘l va dashtlardan iborat bo‘lgan. O‘sha davrda aholining aksariyati tomorqa yoki sug‘oriladigan yerlar haqida tasavvurga ega bo‘lmagan, tuman iqtisodiyoti esa asosan chorvachilik, xususan qorako‘lchilikka qaratilgan edi. Shu bilan birga, yerni sug‘orish va ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi muammolar dolzarbligicha qolaverardi.

Shu sharoitda hududning tabiiy imkoniyatlari ham mavjud edi. Tuman sharqiy qismidan oqib o‘tgan Eski anhor kanali va undan sizib chiqadigan kam miqdordagi suv Nurobod markaziga yetib borar edi. Biroq, o‘sha davrda bu suvdan samarali foydalanish masalasi mutasaddilarning xayoliga kelmagan yoki moliyaviy imkoniyatlar yetarli bo‘lmagan. Chunki barcha yirik loyihalar bo‘yicha oxirgi qaror Moskva tomonidan berilardi.

Aynan mana shunday murakkab vaziyatda Nurobod tumani rahbariyati, birinchi kotib Nurmamat Elboyev boshchiligida, tuman markazida “Sobirsoy” suv omborini barpo etish zarurligini belgiladi. Taklif avval viloyat rahbariyatiga, so‘ngra respublika markazkomiga kiritildi va nihoyat Moskva tomonidan tasdiqlandi.

Rahbarlar, mutaxassislar va oddiy xalq suv omborining ahamiyatini chuqur anglagan edi. Suv kelishi bilan osuda dashtlarning bir zumda yashnab ketishini nafaqat kattalar, balki maktab o‘quvchilari ham yaxshi bilardi.

Sobirsoy suv ombori eng murakkab sharoitlarda bosqichma-bosqich qurildi. 1980-yillarning o‘rtalarida uning birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Natijada yangi xo‘jaliklar tashkil etildi, chorvachilik uchun ozuqa bazasi kengaydi, sabzavot va boshqa dehqonchilik ekinlari ekila boshlandi, hatto paxtachilik yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, ko‘plab ish o‘rinlari yaratildi, hududning tabiati va iqlimi ijobiy tomonga o‘zgara boshladi. Suv ombori orqali baliqchilikni rivojlantirish, ko‘l atrofiga noyob qushlar kelishini ta’minlash imkoniyati ham paydo bo‘ldi.

Samarqand viloyati suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda “Sobirsoy” suv ombori quyidagi texnik ko‘rsatkichlarga ega:

- Joylashuvi: Eski anhor suv o‘zanida;
- Qurilgan yili: 1983–1984-yillar;
- Foydalanishga topshirilgan: 1984 yil;
- Suv ombori sinfi: IV;
- Zilzilabardoshligi: 7 ball;
- Loyihaviy to‘liq suv sig‘imi: 7 million m³;
- O‘lik suv hajmi: 0,12 million m³;
- Jadal suv sathi: 428,4 m;
- Normal suv sathi: 428 m;
- O‘lik hajm sathi: 425,30 m;
- To‘g‘on uchi balandligi: 429,7 m;
- To‘g‘on uzunligi: 800 m;
- To‘g‘on maksimal balandligi: 3,85 m;
- To‘g‘on usti eni: 6 m;
- Suv chiqarish inshooti umumiy uzunligi: 43 m;
- Suv chiqarish minorasi darvozalari: 1,75 × 1,7 m o‘lchamdagi 2 dona;
- Favqulodda tashlama suv chiqarish quvvati: 43 m³/sekunt.

Bir vaqtlar bepoyon cho‘l bo‘lib yotgan hududni obod va sermahsul vohaga aylantirishda Sobirsoy suv omborining roli beqiyosdir. Bugun u nafaqat qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlayapti, balki tabiiy muhitni boyitib, hudud iqlimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Nurobod tumanining 50 yillik tarixida Sobirsoy suv ombori yirik bunyodkorlik ramzi sifatida alohida o‘rin egallaydi va tuman taraqqiyotining muhim bosqichlarini belgilovchi voqea sifatida e’tirof etiladi.

Teglar
- -