insurez
17-11-2025 14:08

Birlik bizni kuchli qiladi, do‘stlik va hamkorlik esa muvaffaqiyatga eltadi


Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlarining muvaffaqiyati, avvalo, siyosiy irodali rahbarlar hamkorligi va aniq strategiyalarga bog‘liq. Bu borada Prezident Sh. Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-yilda ilgari surilgan Maslahat uchrashuvlari formati hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. 2018-yildagi Ostonadagi birinchi sammitdan so‘ng, ushbu format mintaqaviy muammolarni muhokama qilish va umumiy yondashuvlar ishlab chiqish uchun asosiy platformaga aylandi. Shu orqali “Yangi Markaziy Osiyo” siyosiy muhiti shakllanib, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik mustahkamlandi.

Bu sammitlar mintaqada o‘zaro anglashuv va barqaror hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Samarali muloqot natijasida ko‘p yillar davomida hal etilmagan chegara masalalari hal qilindi — 2025-yilda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida uch tomonlama shartnoma va Xo‘jand deklaratsiyasi imzolandi. Endilikda chegaralar to‘siq emas, do‘stlik ko‘prigiga aylandi.

Bundan tashqari, 2023-yil sentyabridan O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ID-karta bilan chegaradan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham bu borada ishlar olib borilmoqda. Yangilangan chegara postlari, vizasiz rejimlar va transport qatnovlari tufayli mintaqadagi o‘zaro tashriflar ko‘paydi. Bugun sayyohlarning ko‘pchiligini qo‘shni mamlakatlar fuqarolari tashkil qilmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining oxirgi yillardagi yaqinlashuvi va hamkorlikning misli ko‘rilmagan natijalari xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston faol lokomotiv vazifasini o‘tamoqda.

Kuni kecha Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi Markaziy Osiyo rahbarlarining Maslahat uchrashuvida ham davlatimiz rahbari tomonidan mintaqaviy integratsiyani yanada chuqurlashtirishga qaratilgan muhim takliflar ilgari surildi. Jumladan:

-    uchrashuvlarni mintaqaviy muloqotning maslahat shaklidan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylantirish, Maslahat uchrashuvlari to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish, rotatsiya asosida faoliyat yuritadigan Kotibiyatni ta’sis etish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini Prezidentlarning maxsus vakillari darajasiga ko‘tarish;

-    boy hayotiy tajriba va obro‘-e’tiborga ega jamoat arboblaridan iborat Oqsoqollar kengashini tuzish;

-    savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 2035-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan keng qamrovli mintaqaviy dasturni ishlab chiqish, umumiy investitsiya makoni to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qilish;

-    elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;

-    bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha kengash tashkil etish;

-    “Farg‘ona tinchlik forumi” ekspertlik platformasini muntazam o‘tkaziladigan xalqaro anjumanga aylantirish;

-    2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish;

-    ma’naviy meros va ma’rifatparvarlik g‘oyalariga bag‘ishlangan Xalqaro kongressni har yili Maslahat uchrashuviga raislik qiluvchi mamlakatda o‘tkazib borish;

-    Mintaqaviy ilmiy tadqiqotlar jamg‘armasini tashkil qilish.

Alohida qayd etish lozimki, mintaqaviy hamkorlik tarixida ilk bor Ozarbayjon Respublikasi Markaziy Osiyo maslahat uchrashuvlari formatiga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilindi. Natijada yangi, “Markaziy Osiyo + Ozarbayjon” hamkorlik maydoni shakllanib, mintaqa integratsiyasi geografiyasi yanada kengaydi. Uchrashuvda qardosh Ozarbayjonning qo‘shilishi yirik infratuzilma loyihalarini birgalikda rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kuchaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi ta’kidlanmoqda. Shuningdek, ayrim ekspertlar tomonidan bu jarayon Turkiy dunyo va Islom olami birligi yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida ham e’tirof etilmoqda.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, dunyoda geosiyosiy, geoiqtisodiy tahdidlar kuchaygan, ertangi kunni bashorat qilib bo‘lmaydigan davrda “Yangi Markaziy Osiyo” deb atalgan tushuncha real voqelikka aylanmoqda – qo‘shnilar o‘rtasida ishonch va do‘stlik ruhi tiklanib, siyosiy chegara va devorlar o‘rnini o‘zaro manfaatli ko‘priklar egallamoqda. Bu yangi mintaqaviy birdamlik ruhi Markaziy Osiyoni barqaror taraqqiyot va farovonlik sari bir yoqadan bosh chiqarib olg‘a intilayotgan "yangi kuch markazi"ga aylanishiga xizmat qilishi shubhasiz.

  Dilnur A'zamov
  Xalq deputatlari Nurobod tuman Kengashi deputati  

Teglar
- -