Samarqandda kadrlar sohasiga masʼul rahbarlar oʻzaro bilim va tajriba almashdilar

Samarqand shahrida “Inson resurslarini boshqarishda dolzarb vazifalar” mavzusida respublika oʻquv-seminari tashkil etildi.Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida oʻtkazilgan mazkur tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tashkiliy-kadrlar guruhlari rahbarlari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi markaziy va hududiy filiallari masʼul vakillari qatnashdi.Tadbirda ishtirok etgan Samarqand viloyat hokimi E. Turdimov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Bekmurodov, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari O. Hasanov va boshqalar mamlakatimizda kadrlar sohasida olib borilayotgan davlat siyosati, davlat boshqaruv organlarida professional, adolatli va yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan tizimni joriy qilish uchun maʼmuriy islohotlarning dolzarbligi, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi yangiliklar, shuningdek, inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish yoʻnalishidagi islohotlar haqida soʻz yuritdi. Yaqinda kuchga kirgan “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, zamonaviy rahbar qiyofasi va davlat xizmatchilariga qoʻyilayotgan talablar toʻgʻrisida oʻz fikrlarini bildirdi.Seminarda davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish, davlat fuqarolik xizmatchilarining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga bagʻishlangan maʼruzalar tinglandi. Ishtirokchilarining shaxsiy rivojlanishlarini taʼminlash maqsadida malakali mutaxassislar tomonidan “Self-menejment: shaxsiy samaradorlikni oshirish” hamda “Liderlik va samarali jamoani shakllantirish” mavzularida mashgʻulotlar oʻtkazildi.Muhokama etilgan mavzular boʻyicha Samarqand viloyat hokimligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Konstruktiv ruhda oʻtgan oʻquv-seminar davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.Samarqand safari davomida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbariyati tomonidan hududiy boshqarmalarning kadrlar xizmatiga masʼul rahbar va xodimlari ishtirokida uchrashuv, Samarqand davlat universiteti bitiruvchi bosqich talabalari bilan “ochiq muloqot, shuningdek, «Kelajak liderlari” klubiga aʼzo yosh davlat xizmatchilari, talabalar hamda viloyatning faol, iqtidorli yoshlari bilan davra suhbati tashkil etildi.Tadbirlarda davlat boshqaruvi, xalqchil davlat xizmati, davlat xizmatchisi, yangi avlod zaxira kadrlari tushunchalari mohiyati hayotiy misollar yordamida ochib berildi. Bugungi kunda davlat xizmatchisidan Vatanga sadoqatli, halol va adolatli boʻlish, fidoyilik bilan xalqqa xizmat qilish, oʻzini muntazam ravishda rivojlantirib borish talab etilishi alohida taʼkidlandi.Shuningdek, ishtirokchilar joylarda boʻlib, sektor rahbarlari va mahalla faollarining hamkorlikdagi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Bundan tashqari Samarqanddagi bunyodkorlik ishlari va shaharning diqqatga sazovor joylarini ham koʻzdan kechirish imkoniga ega boʻldilar.

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM