“JICA” vakillari Samarqand veterinariya meditsinasi institutida boʻldi

 

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi — “JICA” vakillari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi mutasaddilari hamrohligida Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga tashrif buyurdi.

Janob Yoshi Sanning maʼlumot berishicha, ayni kunda Yaponiyadagi 16 ta davlat oliygohlarida veterinariya mutaxassislari tayyorlanadi. Bundan tashqari yana 6 ta xususiy oliy oʻquv yurtida ham mazkur yoʻnalishda taʼlim beriladi. Davlat taʼlim muassasalarining har birida yiliga 35-40 nafar talaba veterinariya boʻyicha oʻqishga qabul qilinadi. Xususiy institutlarda esa bu koʻrsatkich 100-120 nafarni tashkil etadi.

Yuqumli kasallikliklar boʻyicha mutaxassis boʻlgan doktor Yoshixito oʻz faoliyati haqida hikoya qilarkan, dunyoning koʻplab rivojlanayotgan mamlakatlarida koʻngilli sifatida ishlaganini, Buyuk Britaniyaning Liverpul universitetida doktorlik ishini himoya qilgach, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligida ekspert sifatida faoliyatini davom ettirayotganini aytdi. Agentlik tomonidan Oʻzbekistonda chorvachilik sohasi boʻyicha amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgan loyihalarda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti olimlari va tadqiqotchilari bilan yaqindan hamkorlik qilish nazarda tutilganini bildirdi.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori, professor Xudaynazar Yunusov xalqaro ekspertning bu taklifi uchun minnatdorlik bildirib, hamkorlikka tayyor ekani, oliy taʼlim muassasasining nufuzli horijiy hamkor tashkilotlari yana bittaga koʻpayganini mamnunlik bilan eʼtirof etdi. Markaziy Osiyo mintaqasida yagona boʻlgan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti faoliyati va bugungi salohiyati haqida maʼlumot berildi.

Muloqot davomida dunyoda roʻy berayotgan epidemiologik vaziyatda umumiy tashabbuslar va loyihalarni amalga oshirishda ishlarni tizimli tashkil etish, jarayonlarni yanada jadallashtirish zarurligi yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Veterinariya va chorvachilik sohasiga “JICA”ning texnik hamkorlik loyihasi mablagʻlarini yoʻnaltirishning maqsadga muvofiqligini tahlil qilish maqsadida mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan mazkur agentlik vakillari tashrifi davom etmoqda.

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM